Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida sentabr oyida lavozimini tark etadigan bo‘ldi: u navbatdagi saylovda nomzodini qo‘ymaydi. Yaponshunos Mehriniso Abdurasulovaga ko‘ra, kechiktirilgan “Markaziy Osiyo – Yaponiya” sammitiga Kishida emas, kunchiqar yurtning yangi rahbari kelishini kutish mumkin.
Kishidaning lavozimni topshirish qaroriga sabab – siyosiy mojaro va iqtisodiy omillar tufayli hukumatning reytingi tushib ketgan.
“Siyosat jamoatchilik ishonchisiz bo‘lmaydi. Menga bo‘lgan ishonch qolmagan ekan, davom etishimdan ham ma’no yo‘q. Endilikda men faoliyatimni yangi saylangan Liberal-demokratik partiya rahbarini qo‘llab-quvvatlashga qarataman”, degan bosh vazir o‘z iste’fosiga munosabat bildirib.
Yaponiyada oxirgi 3 yildagi nisbatan yuqori inflatsiya aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu borada qator namoyishlar ham bo‘lib o‘tgan. Hukumat ko‘rgan choralar narxlarni yetarlicha barqarorlashtira olmagan.
Kishida va uning partiyasi jamoatchilik ishonchini yo‘qotishiga ta’sir etgan yana bir omil – siyosiy mojaro. O‘tgan yili kuzda Liberal-demokratik partiya rasmiylari saylovchilarning siyosiy maqsadlardagi xayriyalarini o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘lgach, bu katta rezonansga olib kelgandi.
Shuningdek, hukmron partiya “Birlashuv” nomidagi xristian cherkovi bilan aloqalarga ega ekani ham aniqlangan. Saylov kampaniyasida partiya cherkovdan va bir qancha noma’lum manbalardan mablag‘lar olgan. Bu esa aholi orasida tushunmovchilik va savollarni keltirib chiqargan.
Yaponshunos Mehriniso Abdurasulovaga ko‘ra, Yaponiya milliy valutasi iyena kundan kunga qadrsizlanmoqda. Yashash xarajatlari ortgan. Bunga esa pandemiya, undan keyingi iqtisodiy qiyinchiliklar, Ukraina urushi va asosan, harbiy xarajatlarning oshirilgani sabab bo‘lgan. Rasmiy Tokio mintaqada Xitoy, Shimoliy Koreya va Rossiya xavfi oshgani ortidan harbiy xarajatlarini ham oshirishga majbur bo‘lgan.
Kishida o‘rniga kelayotgan bosh vazirga ham oson bo‘lmaydi. Chunki Yaponiya dunyoning eng katta 4-iqtisodiyoti ekan, uni izga solish, ushlab turish oson emas. Chunki ayni davrda bu davlatda narx-navo notabiiy ravishda o‘sib bormoqda. Hukumat buni deyarli nazorat qila olmayapti. Bozorni barqarorlashtirish uchun ajratilayotgan dotatsiyalar esa mayda-mayda bo‘lib, bo‘linib ketmoqda.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.