Shveytsariyada 14 avgust, chorshanba kuni Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlandi. Ikki qarama-qarshi tomondan Sudan armiyasi emas, faqat Tezkor harakat kuchlari (RSF) vakillari ishtirok etmoqda, deb yozadi AFP Amerika elchixonasi diplomatiga tayanib. Muzokaralar AQSh shafeligida olib borilmoqda.
AQShning Sudan bo‘yicha maxsus vakili Tom Perriyello aytishicha, uchrashuv ishtirokchilari 2023 yilda Saudiya Arabistoni Jidda shahrida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha tomonlar o‘z majburiyatlarini bajarishga e’tibor qaratgan. «Urishayotgan tomonlar xalqaro gumanitar huquqni hurmat qilishi va insonparvarlik yordami yetkazib berilishini ta’minlashi kerak. Qurollarni bir chetga olib qo‘yish vaqti keldi!» - deb yozdi diplomat X ijtimoiy tarmog‘ida.
Xavfsizlik nuqtayi nazaridan muzokaralar qayerda bo‘lib o‘tishi aniq ma’lum qilinmagan. Ular maksimal o‘n kun davom etishi kutilmoqda. Uchrashuvda Saudiya Arabistoni va Shveytsariya vakillari ham ishtirok etmoqda. Muzokaralarda Afrika Ittifoqi, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari va BMT vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashadi.
Sudandagi mojaroning kuchayishi
2023 yil aprel oyi o‘rtalarida mamlakatning amaldagi prezidenti bo‘lgan Abdel Fattoh al-Burxon boshchiligidagi Sudan muntazam armiyasi (SAF) va Muhammad Hamdan Dagalo qo‘mondonligidagi Tezkor harakat kuchlari o‘rtasida janglar boshlandi. Hech bir tomon haligacha ustunlikka erisha olmadi va hokimiyatni to‘liq qo‘lga kirita olmadi. Vaqti-vaqti bilan tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishyapti.
So‘nggi kunlarda al-Burxon muzokaralarda qatnashmasligini bir necha bor ta’kidlagan. U RSF’dan birinchi navbatda bosib olingan shaharlardan qo‘shinlarini olib chiqib ketishni talab qildi, deb xabar berdi Sudan Tribune.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, janglarda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan. 10,7 milliondan ortiq odam o‘z uyini tashlab ketgan, 2,3 million kishi esa mamlakatni tark etgan. Iyun oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatning 26 millionga yaqin aholisi uchun haqiqiy ocharchilik xavfi borligini aytdi.