Shimoliy Koreya besh yillik izolyatsiyadan so‘ng sayyohlarga chegarasini ochyapti

Jahon 13:02 / 15.08.2024 3919
Shimoliy Koreyaning Samjiyon aeroportida saf tortgan Air Koryo samolyotlari. Arxiv foto: Getty Images

Xitoyning ikki turoperatori sayyohlarga tez orada shimoliy tog‘li Samjiyon shahriga tashrif uchun ruxsat berilishini e’lon qildi.

Shimoliy Koreya 2020 yil, pandemiya boshida o‘zini o‘zi izolyatsiyaga olgandi, 2023 yil o‘rtalariga kelibgina cheklovlarni qisqartirishni boshladi.

Shimol chegarasining yopilishi asosiy tovarlar importini ham to‘xtatgan, bu esa mamlakatning yadroviy dasturi tufayli kiritilgan xalqaro sanksiyalar fonida oziq-ovqat tanqisligini kuchaytirdi.

Hozircha faqat Samjiyonning ochilishi rasman tasdiqlangan, ammo Pxenyan va boshqa joylar ham ochiladi, degan fikrdamiz”, — deb yozdi 14 avgust kuni KTG Tours kompaniyasi Facebook’dagi sahifasida.

Pekindagi Koryo Tour esa sayyohlar dekabr oyida Shimoliy Koreyaning boshqa qismlariga ham tashrif buyurishi ehtimoli katta ekanini bildirdi.

Bu yangilikni e’lon qilish uchun to‘rt yildan ortiq kutgan Koryo Tours yana bir bor Shimoliy Koreya turizmining ochilishidan juda xursand”, — deyiladi kompaniya veb-saytida.

Samjiyon Shimoliy Koreyaning eng baland tog‘i Pektu etagida bo‘lib, u Xitoy va Shimoliy Koreya chegarasida joylashgan. Shahar qishki diqqatga sazovor joylari bilan mashhur.

Rasmiy Phenyan ushbu tog‘ Shimoliy Koreya asoschisi Kim Ir Sen yapon bosqinchi kuchlariga qarshi jang qilgan va inqilob boshlagan joyligini ta’kidlab keladi. Kim Ir Sen hozirgi davlat yetakchisi Kim Chen Inning bobosi hisoblanadi.

Samjiyon qishki turizm bilan mashhur, chunki shahar Shimoliy Koreyadagi eng baland tog‘ etagida joylashgan.

Xabarlarda, shuningdek, Pektu amaldagi prezidentning otasi Kim Chen Ir tug‘ilgan joy ekani aytiladi.

Samjiyon so‘nggi yillarda katta rekonstruksiya ostida. Kim Chen In iyul oyida shahar aeroportini qayta qurish, harbiy chang‘i bazasini kurortga aylantirish, chet ellik sayyohlar uchun yangi temiryo‘llar va mehmonxonalar qurish rejalarini oshkor qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya 2024 yil boshida faqat rossiyalik sayyohlarning mamlakatga kirishiga ruxsat berdi, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashgani bilan izohlanadi.

Shimoliy Koreya chegaralarining qayta ochilishi barcha sayyohlarga taalluqlimi yoki faqat “do‘stona” deb hisoblagan mamlakatlarga tegishli bo‘ladimi, bu hozircha noma’lum.

Ko‘proq yangiliklar: