Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov 14 avgust, chorshanba kuni Ukraina bilan chegaradosh Glushkovo tumani aholisi majburiy evakuatsiya qilinishi haqida bildirdi. Avvaliga rasmiy Glushkovo poselkasi aholisi evakuatsiya qilinishini aytdi, biroq ikki soatdan so‘ng qaror butun hududni qamrab oldi.
Ketish jarayoni huquq-tartibot idoralari, harbiy xizmatchilar, mahalliy ma’muriyat va Kursk “Patriot” markazi a’zolari tomonidan muvofiqlashtiriladi, dedi Smirnov. “Hurmatli vatandoshlar, mavjud vaziyatga tushunish bilan munosabatda bo‘lishingizni hamda xavfsizlik kuchlari va mahalliy hokimiyatlarning barcha tavsiyalariga amal qilishingizni so‘rayman”, — deb yozdi u o‘zining Telegram-kanalida.
Ukraina bilan chegaradagi tumanlarni evakuatsiya qilish
Kursk va Belgorod viloyatlarining chegara hududlari aholisi Ukraina Qurolli kuchlarining hujumi fonida uylarini tark etmoqda. Avvalroq Kursk viloyatining Bolshesoldatskiy, Korenev va Sudja tumanlarida evakuatsiya e’lon qilingan edi. Bundan tashqari, gubernator Vyacheslav Gladkovning xabariga ko‘ra, qo‘shni Belgorod viloyati Krasnoyarujskiy tumani aholisi uni deyarli butunlay tashlab ketishgan.
12 avgust kuni Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi mintaqada 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinganini aytdi.
Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi
Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk oblastiga hujum boshladi. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 12 avgust kuni Ukraina armiyasi qariyb 1000 kvadrat kilometr Rossiya hududini nazorat qilayotganini aytdi. Janglar Korenev va Sudja rayonlari hamda Belovskiy rayonida davom etmoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy 14 avgust kuni Ukraina qurolli kuchlari Sudjada rus qo‘shinlarini mag‘lub etganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 24 soat ichida Ukraina kuchlari Kursk viloyatida 100 dan ortiq rossiyalik harbiylarni asirga olgan. Shu bilan birga, “Axmat” maxsus kuchlari qo‘mondoni Apti Alaudinovning ta’kidlashicha, Ukraina qo‘shinlari Sudja shahri ustidan nazorat o‘rnatmagan, chunki u yerda “faol to‘qnashuvlar” davom etmoqda.