Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda gazballon portlashi ortidan bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan talaba ozodlikdan mahrum etildi
Ko‘kdala tumanida Navro‘z saylida gazballon portlashi oqibatida 14 kishi kuyib, turli darajada tan jarohati olgani va bir kishi vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Gazballonni odamlar gavjum joyga 22 yoshli talaba yigit baliq pishirib sotish uchun o‘rnatgan. Sud yigitni ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topdi.
Ko‘kdala tumanida Navro‘z saylida gazballon portlashiga sabab bo‘lgan yigitga hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Hukmda keltirilishicha, 2002 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan, Toshkent Iqtisodiyot va texnologiyalar instituti talabasi bo‘lgan B.Sh. Ko‘kdala tumanida o‘tkazilgan Navro‘z bayrami sayliga 27 litr sig‘imdagi gazballon olib borgan. U saylda baliq pishirib sotmoqchi bo‘lgan.
Profilaktika inspektori yigitga bir necha bor gazballonini aholi to‘planib turgan hududdan chetroqqa olish yoki yerga ko‘mishini aytgan. Ammo B.Sh. ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga amal qilmasdan, gazballonga gaz plitasini o‘rnatib, undan foydalana boshlagan. Ko‘p o‘tmay gazballon portlab ketgan.
Hodisa oqibatida 7 kishi o‘rtacha og‘ir, 7 kishi og‘ir tan jarohati olgan. Bir kishi esa 80 foiz kuyish jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Biroq bemor ayol 2024 yil 25 aprel kuni shifoxonada vafot etgan.
B.Sh. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“Tirikchilik qilish maqsadida 5-6 yillardan buyon bozor hamda bayramlarda baliq pishirish bilan shug‘ullanib kelaman. 2024 yil 18 mart kuni To‘qmor mahallasida bo‘layotgan Navro‘z bayramiga baliq pishirib sotish uchun bordim. Men borgan vaqtimda bayramda 100 nafardan ortiq odam bor edi. Dalaning bir chetiga gazballon, o‘choq va qozonlarni o‘rnatib, baliq pishirishni boshladim. Oradan taxminan 1-2 soat vaqt o‘tganidan so‘ng bayramga 500 atrofida odam yig‘ildi. Soat 11:00 larda portlagan ovoz eshitildi. O‘sha holatda o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, shifoxonaga borganimdan so‘ng o‘zimga keldim. Keyinchalik ishlatilmagan, ya’ni zaxirada turgan gazballon portlaganini bildim”, degan yigit o‘z ko‘rsatmasida.
U qilgan ishidan pushaymonligi, ehtiyotsizlik qilganini aytib, suddan o‘ziga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud B.Sh.ni Jinoyat kodeksining 102-moddasi 1-qismi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) va 111-moddasi 3-qismida (Ehtiyotsizlik orqasida ikki yoki undan ortiq shaxs badaniga o‘rtacha og‘ir yoki badanga og‘ir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi. Unga nisbatan 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Yigitga qo‘llangan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u sud zalida qamoqqa olindi.
Avvaliga ushbu portlash oqibatida 37 kishi yong‘in tufayli turli darajada jarohat olib, shifoxonaga olib kelingani, ularning 13 nafarida tan jarohatlari aniqlanmagani sababli tibbiy ko‘rikdan keyin uyiga qaytarilgani xabar qilingandi.
Tavsiya etamiz
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33 / 23.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?
Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 15:28 / 22.07.2025
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 09:27 / 22.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Siz xalqimiz uchun yashayapsiz” - Saida Mirziyoyeva Shavkat Mirziyoyevni tavallud kuni bilan tabrikladi
O‘zbekiston | 16:12
-
Misr O‘zbekistonda dorilar ishlab chiqarishni mahalliylashtiradi
Iqtisodiyot | 15:47
-
Daraxtlar kesilishi sizga qanday ta’sir qilyapti? Ijtimoiy so‘rov
Jamiyat | 15:33
-
BMT Xalqaro sudi: Davlatlar iqlimni himoya qilish majburiyatiga ega
Jahon | 15:26
Mavzuga oid

18:33 / 18.07.2025
Qo‘rqinchli manzara va alamli oqibatlar: Ko‘kdaladagi portlash tafsilotlari

20:53 / 16.07.2025
Qashqadaryoda «metan zapravka»dagi portlash oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi

12:17 / 19.06.2025
Qashqadaryoda kombayn ichiga tushib ketgan uch yoshli bola shifoxonaga yotqizildi

17:14 / 11.06.2025