Navalniy o‘limining rasmiy sababi aytildi, jinoiy ish qo‘zg‘atish rad etildi

Jahon 18:36 / 15.08.2024 4370

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy o‘limidan 6 oy o‘tib, Tergov qo‘mitasi rasmiy qarorni chiqardi. Uning xotini Yuliya Navalnaya tomonidan e’lon qilingan ushbu hujjatga ko‘ra, Navalniyning o‘limida jinoiy alomatlar yo‘q.

Qayd qilinishicha, o‘limga aritmiya va «bir qancha kasalliklar yig‘indisi» sabab bo‘lgan. Shuning uchun Tergov qo‘mitasi siyosatchining o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atishdan bosh tortgan.

Yuliya Navalnaya so‘zlariga ko‘ra, qarorni mayor Varapayev imzolagan, u Alekseyning jasadini oilasiga berishdan bosh tortgan va onasini yashirin dafn marosimiga rozi bo‘lish uchun «shantaj qilgan».

«Bu haqiqat emasligini bilaman. Varapayevning qarori yolg‘on ekanligini bilaman va ular o‘sha kuni nima bo‘lganini yashirmoqda. Biz yaxshi bilamizki, Aleksey kasal bo‘lib qolganda uni tibbiy bo‘limga emas, balki jazo kamerasiga qaytarishgan. U yerda yolg‘iz holda o‘lgan. U hushsiz holda bo‘lganida tibbiy bo‘limga keltirilgan. O‘limidan oldingi so‘nggi daqiqalarda u oshqozonida kuchli og‘riqdan shikoyat qilgan. Nega bularning barchasi Tergov qo‘mitasi qarorida yo‘q? Koloniyadagi hamma joyda, jumladan, hojatxonalarda joylashgan kameralar tasvirlari qayerda? O‘lim arafasida turgan odamni jazo kamerasiga qamab qo‘ygan koloniya xodimlarining videokameralari tasvirlari qayerda?» deb yozdi Navalnaya.

Yuliya Navalnaya, shuningdek, Alekseyning narsalari hali oilasiga topshirilmaganiga e’tibor qaratdi.

Aleksey Navalniy 2024 yil 16 fevral kuni qamoqxonada vafot etdi. Faqat 24 fevral kuni uning jasadi onasi Lyudmila Navalnayaga berildi. 22 fevral kuni unga ko‘rsatilgan tibbiy o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotnomada o‘g‘lining o‘limi sabablari «tabiiy» ekani yozilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: