Log‘ondan Parijga yo‘l - futbolchi bo‘lishni orzu qilib, boksda Olimpiada chempioni bo‘lgan Lazizbek Mullojonov uyidan reportaj

Sport 22:21 / 15.08.2024 27174

Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan XXXIII Yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustalari uchun omadli keldi. Farg‘onalik bokschi Lazizbek Mullojonov mazkur bahslarda 92 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida raqiblariga imkoniyat qoldirmadi. Oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschi kuni kecha o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq – Farg‘ona tumanining Log‘on qishlog‘iga, ota-onasi bag‘riga qaytdi. Kun.uz muxbiri chempion xonadonida bo‘lib, sportchi va uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Oddiy qishloqning oddiy xonadoni bugun mehmonlar bilan to‘lgan. Chempion yigitni qutlash uchun tashrif buyuruvchilarning keti uzilmaydi.

Lazizbekning onasi Dilafruz Husanovaning asli kasbi o‘qituvchi. U chempion o‘g‘lining yoshlik damlari, sportga kirib kelishi haqida so‘zlab berdi:

Gavdasi kattaligi uchun beshikka sig‘magan

“Uch farzand onasiman. Lazizbek ikkinchi o‘g‘lim. Kattagina, pahlavon tug‘ilgan, bo‘yi 54 sm edi. 9 oylik bo‘lganida vazni 17 kgga chiqdi, unga boshqa qo‘shimcha ovqat bermasdim. Bolamni 5 yoshigacha ko‘krak suti bilan boqqanman. Gavdasi katta bo‘lgani uchun beshikka bog‘lamaganman, sig‘magan ham.

Dilafruz Husanova, chempionning onasi

Laziz juda erkatoy bola edi. Futbolga juda qiziqardi. O‘g‘illarim otalari bilan birga dam olish kunini stadionda o‘tkazishardi.

Hamon yodimda. Lazizbek o‘shanda 3-sinfda o‘qirdi, o‘g‘lim yo‘ldan o‘tayotganida “Damas” haydovchisi to‘satdan chorrahada bola chiqib qolganini ko‘rib urib yubormaslik uchun muvozanatni yo‘qotib, o‘rik daraxtiga urilib, mashinasining oynasi singan ekan. O‘g‘lim qo‘rqib ketganidan haydovchidan qochib, maktabga kelib, meni izlab topib, orqamga bekinib oldi. Damas haydovchisi ko‘z o‘ngimda bolamni urgani uchun juda jahlim chiqdi. Undan xafa bo‘ldim. “Urmang bolamni” deya uni ham koyib berdim. Haydovchiga “otasi mashinangizni tuzatib beradi, lekin bolamni urmang” deganman o‘shanda.

Va o‘shanda anglab yetdimki, bola doim o‘zini himoya qilishlarini xohlar ekan. Har qanday bola o‘zini himoya qilishni bilishi muhim ekan. Mana shu voqea o‘g‘limning bokschi bo‘lishiga turtki bergan bo‘lsa ajab emas.

Lazizbek bog‘chaga borganida 2 yosh edi, ammo 4 yil 6 yoshlik bolalarning guruhida tarbiyalangan. Chunki juda sho‘x edi. Keyin 6 yoshida maktabga berganmiz. Bahor-yoz yoki qish bo‘lmasin, faqat maktab stadionida kuni o‘tardi. Keyinchalik turmush o‘rtog‘imning jiyani jahon chempionati sovrindori Sherzod Husanov Lazizbekning boksga bo‘lgan qiziqishini sezib boksga yo‘naltirgan.

Farzandingiz zarba yeganda yoki mag‘lubiyatga uchraganda baribir ezilar ekansiz. Boksda kimdir yutqazadi yoki yutadi. Ammo Hindistonda bo‘lib o‘tgan turnirda Lazizbek yutqizib qo‘ydi. Xullas turnir tugadi, hech kim menga bu haqida gapirmadi, ammo telekanalda ko‘rsatuvni ko‘rib yutqazib qo‘yganini bilib qoldim.

O‘g‘lim jangdan keldi, so‘rashdim-u lekin uning ko‘zlariga qaray olmadim. Chunki uning ruhan ezilganini sezdim. Uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini kuzatib turardim va ruhiy holati yomon ekanligini bilib siqilganman juda. Bu ona uchun juda og‘ir narsa aslida.

Lazizbekning zarba yeyishini kuzatib tura olmayman. Jang bo‘layotganida chiqib ketaman doim. O‘yinning oxirida uyga kiraman. Mana bugungi o‘yinda bolamning mashaqqatli mehnatlari o‘z samarasini berdi, o‘g‘lim g‘alaba qozondi. Hammamiz bundan xursand bo‘ldik, buni so‘z bilan ta’riflash qiyin.

Mana o‘g‘lim chempioni bo‘ldi, dunyoni zabt etdi. Endi uni uylantirishimiz kerak”, deydi Lazizbek Mullojonovning onasi Dilafruz Husanova.

Jarohatdan qo‘rqib Lazizbekni futbolga bergandim – Hasanjon Husanov

“Har bir sportchining ota-onasi farzandining jahon chempioni bo‘lishini xohlaydi albatta. Mana Lazizbek ham jahon chempioni bo‘ldi. Bizning oilamiz sportchilar oilasi bo‘lgani uchun Lazizbekning sport sohasiga qiziqishini vaqtida anglab yetganmiz.

Hasanjon Husanov, chempionning otasi

Shuningdek, katta akamning farzandi ham sport sohasi bo‘yicha yurtimiz bayrog‘ini jahon arenalarida ancha yillardan beri yuqoriga ko‘tarilishiga sababchi bo‘lib kelayotgan yoshlardan. Sharof Husanov, Sherzod Husanov ham jahon chempionati, olimpiada qatnashchisi hisoblanadi. Lazizbek va Azizbekni yoshliklarida futbolga yo‘naltirganman. Ular bir muddat futbolga qatnab yurishdi va jiyanim Sherzod Lazizbekning boksga qobiliyati borligini aytgan edi. Boshida qarshi bo‘lganman bunga, lekin keyinchalik rozi bo‘ldim. Qarshilik qilganimning sababi boksda jarohat olish juda xavfli. Yana o‘g‘limning futbolga talanti bor deb o‘ylab yurardim. Lekin mana hozir jahon chempioni bo‘lib, ishonchni oqladi.

Ota-ona sifatida farzandining jang qilayotganini ko‘rish juda qiyin narsa. Buni farzandi bokschi yoki sportchi bo‘lgan ota-onalar yaxshi tushunishadi. O‘g‘lim jahon chempioni bo‘ldi, bundan juda xursand bo‘ldim. Rostini aytsam xursandchiligimning cheki yo‘q. Bu hissiyotni gapirib so‘z bilan ta’riflay olmayman.

Lazizbek chempion bo‘lguncha mashaqqatlar chekdi. Mag‘lubiyatlarga uchradi. Shuningdek Lazizbek 105 yoki undan ortiq vazn bilan yurardi. Olimpiada ishtirokchisi bo‘lish uchun 92 kg vazn egasi bo‘lishi kerak edi va u 15 kggacha vazn tashlashiga to‘g‘ri keldi. Va bu vaznni ushlab turishi ham kerak edi. Bu ancha qiyin masala aslida. Lekin buni uddaladi. Bu g‘alabani qo‘llab-quvvatlagan hukumatimizga, prezidentimizga, Boks federatsiyasiga, murabbiylar qo‘mitasiga minnatdorchiligimni bildiraman. Qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlashdi. Bu e’tiborlardan cheksiz minnatdormiz”.

Shohsupada ko‘zyoshimni tiya olmadim...”

“Bolaligimda futbolchi bo‘lishni orzu qilardim, keyinchalik boksga qiziqa boshladim. Amakim futbol jamoaviy o‘yin, bu orqali bir natijaga erishish murakkabroq, futbolni 11 kishi o‘ynaydi, boksda o‘zing uchun harakat qilasan deganlar.

Lazizbek Mullojonov

Shu sababli yakka sport yo‘lidan ketdim. Boshida qiziqmaganman, ammo keyinchalik mashg‘ulot jarayonlariga qatnashib yurib, boks musobaqalariga qiziqishim ortdi. G‘alabaga erishib boshlaganimda yana ham boksga bo‘lgan qiziqishim ortib bordi. Sherzod akam meni keyinchalik boshqa murabbiyga topshirdilar, Alisher To‘ychiyevga. Biz ular bilan ancha vaqt o‘z ustimizda ishladik, Osiyo chempionatlarida, O‘zbekiston chempionatlarida va mana jahon chempionatida ham yutuqlarga erishib kemoqdamiz. Bundan juda mamnunman. Va ota-onam ham bunda menga har qanday sharoitni yaratib berishgan, ularga buning uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ishonchlarini oqlayotganimdan xursandman.

Aslida 92 kgdan yuqori vaznda jangda olib borar edim, ammo Serbiyadagi chempionatda mag‘lubiyatga uchradim, lekin xuddi shu vaznda Osiyo chempioni bo‘ldim. Murabbiylar qo‘mitasi shu vaznda Bahodir Jalolovni jahon chempionatiga chiqaradigan bo‘lishdi va menga 92 kg vaznga qaytishing kerak deyishdi. Rozi bo‘ldim va 15 kg vazn tashlash uchun harakat qildim. Bu albatta oson bo‘lmadi. Shu vaznni ushlab turgandan keyin yana jangda ham qatnashish kerak edi. Menga federatsiya tomonidan sharoitlar yaratib berildi va Toshkentda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida 3-o‘rinni oldim. Bu o‘yinni muhtaram prezidentimiz ham ko‘rgan ekan. Olimpiada o‘tganidan keyin prezidentimiz bilan telefon orqali suhbatlashdik va o‘shanda ular menga ishonchlarini bildirdilar, men bundan juda xursand bo‘ldim. Va olimpiadada ham shu vaznda kurashdim va oltin medalni qo‘lga kiritdim.

Olimpiadaga borgunimgacha ruhiy stresslar kechdi, bunda raqibdan qo‘rqish emas, vatan sha’nini himoya qila olamanmikan, degan hayajon bo‘ladi odamda. Buning ustiga 13 kg vazn tashlash, buni ushlab turish ancha murakkab masala rosti. Finalda g‘alaba qozonganimdan keyin o‘zimni ushlab turishga harakat qildim, lekin shohsupaga ko‘tarilganimda ko‘plab davlatlardan kelgan muxlislar oldida vatanimiz bayrog‘i eng yuqoriga ko‘tarilganda, madhiyamiz yangrashni boshlaganda o‘z hissiyotlarimni ushlab tura olmay ko‘zimga yosh keldi. Bu albatta, xalqimiz, prezidentimizning menga ishonchi orqali bo‘ldi. Qishlog‘im, vatanim uchun kurashdim”.

G‘alabaga erishish oson bo‘lmadi

«Oilada 3 farzandmiz, men to‘ng‘ich o‘g‘ilman. Kuni kecha olimpiadada ukam birinchi o‘rinni oldi. Bu darajaga erishish oson bo‘lmadi, chunki birin-ketin juda kuchli raqiblarga duch keldi.

Azizbek Husanov, Lazizbek Mullojonovning akasi

Ukam 13 yoshidan katta boksga qatnashni boshlagan. Boshida futbolga borib yurardik, keyin boksga o‘tganmiz. Orada 3-4 ta professional janglarda qatnashdik va keyin men boshqa sohaga qiziqdim. Tadbirkorlik qila boshladim va ukamga sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit qilib berdik. Mana hozir jahon chempioniga aylandi.

Bu g‘alabaga erishish yo‘lida qiyinchiliklarga duch keldik. Lekin ota-onam bizga yaxshi sharoit yaratib berish uchun harakat qilishgan doim. Bizning birinchi murabbiyimiz o‘zimizning akamiz, Sherzod Husanov hisoblanadi. Ular ham boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan. 2 marta olimpiada qatnashchisi bo‘lgan. Men ham tadbirkorlik bilan bir qatorda professional jangda qatnashib turaman. 3 ta jangda qatnashgan bo‘lsam barchasida g‘oliblikni qo‘lga kiritganman”, deydi chempionning akasi Azizbek Husanov.

Lazizbek ishonchni oqladi” – Sherzod Husanov

“Jiyanim Lazizbekning boksga kirib kelishiga o‘zim sababchi bo‘lganman, 2010 yildan beri boks bo‘yicha katta murabbiy bo‘lib ishlaganimda katta jiyanim Azizbek oldimga kelgan.

Sherzod Husanov, chempionning qarindoshi

Keyinchalik Lazizbek ham bunga qatnasha boshlagan. Shunda futbol mashg‘ulotlariga qatnashayotgan jiyanlarimni yashirincha boksga olib ketardim, chunki amakim bunga qarshi edilar. Ammo murabbiy sifatida ularda bokschi qobiliyatini ko‘rdim va bunga ularni qiziqtirdim. Amakim juda ko‘p qarshilik bildirgan, shunda ham ularni Quvasoyga olib borib shug‘ullantirar edim. Mana ko‘p chempionatlarda ishtirok etib, bolalar yaxshi natijalarga erishishmoqda. Hozirda amakim ham, kelinoyim ham rahmat aytishadi. O‘shanda boksga olib kirganingiz uchun ham rahmat deyishadi. Yoshim 44 da ekanini inobatga olib, jiyanim uchun murabbiylikni Alisher To‘ychiyevga topshirganman, ular 6-7 yil mobaynida birga shug‘ullanishadi. Jahon chempionatiga ham birgalikda tayyorgarlik ko‘rishdi, natija ham shunga yarasha bo‘ldi”.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: