Litva Rossiya qo‘shinlari Kaliningraddan Kurskka ko‘chirilganini aniqladi

Jahon 08:24 / 15.08.2024 7869

Litva Rossiya qo‘shinlarini Kaliningrad viloyatidan bir haftadan ortiq vaqtdan beri Ukraina armiyasining hujumi davom etayotgan Kurskka o‘tkazayotganini ta’kidladi. Litva mudofaa vaziri Laurinas Kaschyunas 14 avgust, chorshanba kuni BNS agentligiga bergan intervyusida u yerda joylashgan bo‘linmalarning bir qismi Rossiya eksklavidan olib chiqilganini aytdi

«Ularga ko‘proq resurslar kerak, shuning uchun ularni boshqa mintaqalardan olib chiqishga harakat qilmoqda», dedi u. U Rossiya qo‘shinlari harakatining boshqa tafsilotlarini keltirmadi. 

Litva Mudofaa vazirligi rahbari Zelenskiy bilan uchrashdi

Bir kun avval Litva Mudofaa vazirligi rahbari Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Uchrashuvda u, shuningdek, Kaliningrad viloyatidan Kurskka qo‘shinlar majburan o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Kiyev tomonidan e’lon qilingan uchrashuvning videoyozuvida Kaschyunas «Ukraina harbiylari jasorati va Ukraina rasmiylari qarorlari tufayli» amalga oshirilayotgan Kaliningrad viloyati «demilitarizatsiyasi» haqida e’lon qildi. 

Kaschyunas so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududiga hujumi Ukraina uchun katta ramziy ahamiyatga ega. «Birinchidan, bu ruhiy yutuq, bu, albatta, juda muhim», - deya tushuntirdi u. 

Rossiya tomonidan Kaliningraddan qo‘shinlar yuborilishi haqida hech qanday ma’lumot taqdim etilmadi.

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi hujumi 

Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgust kuni Rossiyaning Kursk oblastiga hujum boshladi. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 12 avgust kuni Ukraina armiyasi qariyb 1000 kvadrat kilometr Rossiya hududini nazorat qilayotganini aytdi. Janglar Korenev va Sudja rayonlari hamda Belovskiy rayonida davom etmoqda.

Bloomberg agentligi Rossiya Qurolli kuchlarida Kursk viloyati mudofaasi uchun kadrlar yetishmayotganini qayd etib, 2024 yil oxirigacha safarbarlik e’lon qilinishi mumkinligi haqida yozdi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari Murmanskdan Kursk viloyatiga harbiy xizmatga chaqiriluvchilar ko‘chirilishi, chaqiriluvchilar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlanayotgani haqida ham ma’lum qildi. 

Ko‘proq yangiliklar: