Litva Belarus bilan chegara yaqiniga harbiy shaharcha quradi

Jahon 23:03 / 15.08.2024 2278

Litva Belarus bilan chegara yaqinidagi poligonga nemis brigadasini joylashtirish uchun harbiy shaharcha quradi. Bu haqda mamlakat Milliy mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Rudninkay poligonidagi intensiv tayyorgarlik ishlari yakunlanganidan keyin Litva tarixidagi eng yirik harbiy infratuzilmani qurish boshlanadi. Shu sababdan 19 avgust kuni Rudninkay poligonida kapsulani qo‘yish bilan bog‘liq ramziy marosim bo‘lib o‘tadi», — deyiladi xabarda.

Marosimda Litva bosh vaziri Ingrida Shimonite, milliy mudofaa vaziri Laurinas Kashyunas, Litva Qurolli kuchlari qo‘mondoni general Raymundas Vaykshnoras va nemis brigadasining asosiy bo‘linmasi komandiri polkovnik Andre Xastenrat ishtirok etadi.

Maydoni 170 gektarni tashkil etadigan harbiy shaharchani loyihalashtirish va qurish bilan «Eykos Statiba» yopiq aksiyadorlik jamiyati shug‘ullanadi.

Idoraning ma’lum qilishicha, poligon bir necha yil davomida Litvaga joylashtiriladigan bundesver brigadasining mashg‘ulotlari uchun asosiy joyga aylanadi. Germaniyalik harbiylarning Litvaga to‘liq joylashishi 2027 yilda yakunlanadi.

Umumiy hisobda Germaniya Litva hududiga 5 ming nafar harbiy xizmatchi va yordamchi xodimlarni yuboradi.

Iyun oxirlarida Polsha, Litva, Latviya va Estoniya Yevropa Ittifoqini Rossiya va Belarus bilan chegarada mudofaa chiziqlari qurishga chaqirgandi. Bunday liniya qurilishi 2,5 milliard yevroga tushishi mumkinligi aytilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: