Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrikada mpox virusi (avvalgi maymunchechak) tarqalishi bo‘yicha yana eng yuqori ogohlantirish darajasini e’lon qildi. JSST favqulodda qo‘mitasi yangi mpox epidemiyasini «sog‘liqni saqlash uchun xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb hisoblaydi, dedi JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus 14 avgust, chorshanba kuni Jyenevada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari mpox tarqalishi qayd etilmagan Burundi, Keniya, Ruanda va Ugandada virusning 1b varianti bilan kasallanishning 90 ta holati aniqlangan, bu kasallik yanada og‘ir kechishi bilan ajralib turadi va oldingi variantga qaraganda ko‘proq o‘limga olib keladi. Kongo Demokratik Respublikasida allaqachon 14 mingdan ortiq odam uni yuqtirgan, 524 kishi vafot etgan.
Joriy yilda Afrikaning 13 davlatida jami 17 mingta mpox infeksiyasi holati qayd etilgan, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 160 foizga ko‘pdir, deb yozadi Reuters.
Virusning yuqishi va kasallik belgilari
Virusning odamdan odamga yuqishi yaqin aloqada ro‘y berishi mumkin. Kasallikning asosiy belgilari yuqori harorat, toshma, yallig‘langan limfa tugunchalari, mushaklarning og‘rig‘i va zaiflikdir. Odatda, inson tanasi ikki-to‘rt hafta ichida virus bilan kurashadi, ammo kamdan-kam hollarda o‘lim ro‘y berishi mumkin.
2022 yilning yozida JSST maymunchechak epidemiyasini «sog‘liqni saqlash uchun xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb e’lon qildi. O‘sha paytda dunyoning 75 mamlakati va hududida 2b virusi variantini yuqtirish holatlari soni 16 mingdan oshdi va infeksiyalarning aksariyati Yevropa va Amerikada aniqlangan. Favqulodda holat 2023 yil may oyida bekor qilingan.
2022 yil noyabr oyida JSST virus nomini irqchilik va qoralovchi til tufayli mpox (monkeypox - “maymunchechak”dan) deb o‘zgartirdi. Global favqulodda vaziyat kasallikning oldini olish uchun qonuniy majburiy choralarni talab qiladi.