Google: eronlik hakerlar AQShdagi saylovlar oldidan kiberhujumlarni kuchaytirdi
So‘nggi olti oyda ART42 tomonidan uyushtirilgan barcha hujumlarning 60 foizga yaqini AQSh va Isroil hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: Global Look Press
Eron hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi ART42 hakerlar guruhi AQShdagi prezidentlik saylovlariga bog‘liq akkauntlar, shuningdek, Isroildagi nishonlarga maqsadli fishing hujumlarni davom ettirmoqda. Bu haqda Google’ning xatarlar bo‘yicha maxsus guruhi ma’lum qildi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, ART32 Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador. So‘nggi olti ART42 tomonidan uyushtirilgan barcha hujumlarning 60 foizga yaqini AQSh va Isroil hisobiga to‘g‘ri keladi.
May va iyun oylarida kiberhujumlar AQSh prezidenti Jo Bayden hamda sobiq davlat rahbari Donald Trampga bog‘liq o‘nlab odamlarning elektron pochtalariga uyushtirilgan. Hujumlarga, shuningdek, vitse-prezident Kamala Harrisga aloqador insonlar ham uchragan.
Google’ning aniqlik kiritishicha, ART42 yuqori martabali siyosiy maslahatchilardan birining Gmail akkauntini buzib kirgan. Iyul boshlarida korporatsiya Qo‘shma Shtatlarning huquq-tartibot organlariga kiberhujumlar uyushtirilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etgan.
ART42 Isroildagi sobiq yuqori martabali harbiylar va aerokosmik soha rahbarlariga yaqinda uyushtirilgan hujumlarga izoh so‘ragan jurnalist sifatida elektron maktublarni yo‘llab, ularning akkauntlarini buzib kirishga uringan. Fishingli elektron maktublar, shuningdek, isroillik diplomatlar, olimlar, nodavlat tashkilotlar va siyosiy arboblarga ham yuborilgan.
Avvalroq CNN telekompaniyasi Eron manfaatlariga xizmat qilishi aytilgan hakerlar amerikalik siyosiy maslahatchi Rojyer Stounning elektron pochtasini buzib kirib, Tramp kampaniyasi a’zolari o‘rtasidagi yozishmalarga qo‘shilmoqchi bo‘lganini ma’lum qilgandi.
AQShda prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Demokratik partiya a’zolarining xavotirlari ortib borayotgan bir paytda Jo Bayden 21 iyul kuni prezidentlik poygasidan chiqishini e’lon qildi va Kamala Harris nomzodini qo‘llab-quvvatladi. U esa mamlakatning eng yuqori lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishga rozi bo‘ldi.
Mavzuga oid

15:02 / 09.03.2025
Rossiya, Xitoy va Eron Hind okeanida qo‘shma harbiy o‘quv mashqlarini o‘tkazadi

23:36 / 08.03.2025
Eron AQSh bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi

20:41 / 07.03.2025
Tramp Eron yetakchisiga yadroviy dastur bo‘yicha bitim tuzishni taklif qildi

19:05 / 04.03.2025