Falastin xalqi bosqinchilarni o‘z yeridan albatta quvib chiqaradi - Mahmud Abbos

Jahon 21:31 / 15.08.2024 10887

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Falastin ma’muriyatining barcha a’zolari bilan birga G‘azo sektoriga borish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda u Turkiya Buyuk Millat Majlisidagi (parlament) nutqi chog‘ida aytib o‘tdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

«Bizda boshqa yechim qolmadi. Shu munosabat bilan men va Falastin ma’muriyatining barcha a’zolari G‘azoga borishga qaror qildik va biz buni amalga oshiramiz», dedi u.

Abbos Turkiyaning Falastin xalqi qonuniy huquqlarini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini yuksak qadrlashini ta’kidladi. U G‘azo sektori aholisiga o‘n minglab tonna gumanitar yordam jo‘natgani uchun Turkiyaga minnatdorchilik bildirdi.

Uning ta’kidlashicha, Falastin xalqi o‘z yerlarini ozod qilish uchun kurashdan voz kechmaydi.

«Falastinliklar o‘z huquqlarini himoya qilishda davom etadi va o‘z yerini tashlab ketmaydi. Falastin xalqi bosqinchilarni o‘z yeridan albatta quvib chiqaradi. Xalqimiz nafaqat Falastinni himoya qiladi, balki butun mintaqada hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan sionistik harakatdan Islom ummatini himoya qilishda oldingi safda turadi. Qanday qilib xalqaro hamjamiyat Isroil tomonidan qochqinlar lagerlarida, jumladan, G‘azo sektoridagi maktabda yuzdan ortiq odamlar o‘ldirilgan, har kuni amalga oshirilayotgan qirg‘inlarga sukut saqlaydi? Xalqimiz qanday qilib bo‘lsa ham, bosqinchilarni haydab chiqaradi. G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus mustaqil Falastin davlatini tashkil etuvchi geografik birlikning nomidir. Tinchlik va xavfsizlik sari yo‘l Falastindan boshlanib, Falastin bilan tugaydi», dedi Falastin rahbari.

Mahmud Abbos Falastindagi barcha siyosiy kuchlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Falastin ma’muriyati bu yo‘nalishda sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. «Falastin g‘alabasiga yo‘l uning birligidan o‘tadi», deb ta’kidladi u.

«Bizning hayotimiz G‘azo sektoridagi har qanday bolaning hayotidan qimmatli emas. Bosqinchilar mag‘lub bo‘lishga mahkum. Falastin ozod bo‘ladi. Prezident Erdo‘g‘an va turk xalqiga Falastinni qo‘llab-quvvatlaganligi uchun minnatdorlik bildiraman», dedi Abbos nutqi oxirida.

Ta’kidlanishicha, Falastin rahbarining nutqi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va parlament a’zolari tomonidan gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: