Shvetsiya Sog‘liqni saqlash agentligi Afrika qit’asidan tashqarida maymunchechakning xavfli variant bilan kasallanishga oid birinchi holatni qayd etdi, deb xabar beradi BBC.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bemor Afrikaga borganida kasallikni yuqtirib olgan. Ushbu yangilik Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Afrikada mpox virusi (maymunchechak) tarqalishi bo‘yicha eng yuqori ogohlantirish darajasini e’lon qilganidan bir necha soat o‘tib paydo bo‘ldi.
Kongo Demokratik Respublikasida yuz bergan birinchi to‘lqin vaqtida kamida 450 kishi halok bo‘lgan va kasallik hamon Afrikaning Markaziy hamda Sharqiy hududlarida tarqamoqda.
Shvetsiya sog‘liqni saqlash agentligi rahbari vazifasini bajaruvchi Oliviya Vigsellning so‘zlariga ko‘ra, virusni yuqtirib olgan fuqaro Stokgolmda tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Uning aytishicha, davolash Shvetsiyada amalga oshirilayotgani kasallik keng aholi orasida tarqalishi xavfi mavjudligini bildirmaydi.
Virusning odamdan odamga yuqishi yaqin aloqada ro‘y berishi mumkin. Kasallikning asosiy belgilari yuqori harorat, toshma, yallig‘langan limfa tugunchalari, mushaklarning og‘rig‘i va zaiflikdir. Odatda, inson tanasi ikki-to‘rt hafta ichida virus bilan kurashadi, ammo kamdan-kam hollarda o‘lim ro‘y berishi mumkin.
2022 yilning yozida JSST maymunchechak epidemiyasini «sog‘liqni saqlash uchun xalqaro ahamiyatga molik favqulodda holat» deb e’lon qildi. O‘sha paytda dunyoning 75 mamlakati va hududida 2b virusi variantini yuqtirish holatlari soni 16 mingdan oshdi va infeksiyalarning aksariyati Yevropa va Amerikada aniqlangan. Favqulodda holat 2023 yil may oyida bekor qilingan.
2022 yil noyabr oyida JSST virus nomini irqchilik va qoralovchi til tufayli mpox (monkeypox — «maymunchechak»dan) deb o‘zgartirdi. Global favqulodda vaziyat kasallikning oldini olish uchun qonuniy majburiy choralarni talab qiladi.
Ayni vaqtda mpox’ning bir nechta variant tarqalmoqda, ular orasida o‘tgan yilning sentabrida aniqlangan Clade 1 shtammi jiddiy hisoblanadi.