Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal 13 avgust, seshanba kuni Ukraine Facility dasturi doirasida Ukraina Yevropa Ittifoqidan yana 4,2 milliard yevro olganini xabar qildi. «Hukumat bu mablag‘larni ijtimoiy dasturlar, gumanitar soha va boshqa muhim budjet dasturlari uchun sarflaydi, biz harbiy xarajatlarni faqat o‘z mablag‘imiz hisobidan moliyalashda davom etamiz», — deb yozdi u Telegram-kanalida.
Shmixalning eslatishicha, yil boshidan beri YeI Ukrainaga 12 milliard yevrodan ortiq budjet yordamini taqdim etgan. «Biz barqarorlik, rivojlanish va kelajagimiz uchun muhim bo‘lgan islohotlarni amalga oshirishda davom etamiz, Yevropa hamkorlari bu sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlamoqda», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi bosh vazir.
Ukraina uchun Ukraine Facility YeI qo‘llab-quvvatlash dasturi
Iyul oyida Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya tomonidan hujumga uchragan Ukrainaga Ukraine Facility doirasida 4,2 milliard yevrolik transh berishga kelishib oldi. Ukrainani YeI tomonidan 50 milliard yevro miqdorida qo‘llab-quvvatlashning ushbu yangi mexanizmi 2024 yil 1 martda ish boshladi va Yevropa Ittifoqi tarixidagi a’zo bo‘lmagan davlatga eng katta yordamga aylandi.
Dastur 2024 yildan 2027 yilgacha bo‘lgan davrda Ukrainani tiklash, rekonstruksiya va modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun grantlar va kreditlar ko‘rinishidagi barqaror moliyalashtirishni ta’minlaydi. Pul milliy hukumat tomonidan Yevropa Ittifoqi bilan kelishilgan tasdiqlangan harakatlar rejalariga muvofiq taqdim etiladi.