13 avgust, seshanba kuni Bratislavada bir necha ming kishi bosh vazir Robert Fitso va madaniyat vaziri Martina Shimkovichovaning so‘l populistik hukumatiga qarshi namoyishga chiqdi. Tashkilotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, namoyishda 18 mingga yaqin odam qatnashgan. Olomon «Uyat!» deya hayqirgan va vazirning iste’fosini talab qildi.
Noroziliklarga Shimkovichovaning kutilmaganda Slovakiya milliy teatri bosh direktori va Slovakiya milliy galereyasi rahbarini ishdan bo‘shatgani sabab bo‘lgan.
Millatchilik kayfiyatidagi qarashlari bilan tanilgan Martina Shimkovichova 2023 yil oktyabr oyida madaniyat vaziri etib tayinlangani tufayli Slovakiyada norozilik kelib chiqdi. U «milliy slovak madaniyatini» singdirmoqchi ekanligini va «gender maniyasi» kun tartibi endi «davlat tomonidan moliyalashtirilmasligini» e’lon qildi. Bundan tashqari, u Slovakiyaning Rossiya Federatsiyasi va Belarus bilan madaniy aloqa va hamkorlikni qayta tiklashi to‘g‘risida qaror imzoladi, bu Rossiyaning Ukrainaga hujumidan keyin uzilib qolgandi.
Namoyishchilar sud islohotiga qarshi
Namoyishchilar, shuningdek, iqtisodiy jinoyatlar uchun jazoni kamaytirgan munozarali sud islohotiga qarshi chiqishdi. Qonunchilikka o‘zgartishlar kiritilishi bilan qamoq jazosini katta miqdorda jarimaga almashtirish rejalashtirilgan. Muxolifatning fikricha, islohotlar Robert Fitso tomonidan tayinlangan amaldorlar uchun maxsus joriy etilmoqda.
Fitso 2023 yil oktyabr oyida o‘zining populistik «Yo‘nalish – sotsial demokratiya» (SMER-SD) partiyasi parlament saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng uchinchi marta Slovakiya hukumatini boshqara boshladi. Fitso 2006-2010 va 2012-2018 yillarda vazirlar mahkamasiga rahbarlik qilgan. Oxirgi kampaniya davomida va lavozimga saylanganidan keyin siyosatchi rossiyaparast pozitsiyani egalladi hamda G‘arbning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidagi siyosatini tanqid qildi.
2024 yil may oyida Robert Fitsoga suiqasd uyushtirildi, siyosatchi to‘rtta o‘qdan yaralandi. Bosh vazir og‘ir ahvolda vertolyotda kasalxonaga yetkazildi.