Orient Group Management va O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

O‘zbekiston 12:09 / 14.08.2024 4759

"Orient Group Management" MChJ va "O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasi" MChJ QKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

"Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 26-moddasiga ko‘ra, asosan iqtisodiy konsentratsiya hisoblangan bitim (harakat) tomonlarining biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lgan shaxslar yoki shaxslar guruhi O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan MChJning ulushlarining uchdan bir qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda, monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olishi kerak.

Ma’lum bo‘lishicha, "Orient Group Management" MChJ joriy yilning 16 may sanasida "Highway Logistics Center" MChJning ustav fondini ko‘paytirish orqali uning 45 foiz ulushiga egalik qila boshlagan, lekin bunda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmagan.

Holat yuzasidan qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan "Orient Group Management" MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, "Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 26-moddasi talablari buzilgan deb topildi va moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Qayd etilishicha, maxsus komissiyaning qarori ustidan "Orient Group Management" MChJ sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.

Bundan tashqari, "O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasi" MChJ QK tomonidan joriy yilning 23 iyul sanasida monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmasdan aynan yana "Highway Logistics Center" MChJning ustav fondidan 45 foiz ulush olingani holati aniqlandi.

Natijada, bu holatda ham qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan "O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasi" MChJ QKga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, "Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 26-moddasi talablari buzilgan deb topildi va moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: