Maktab mavsumi arafasida shifokor o‘quvchilar immunitetini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi

Jamiyat 16:56 / 14.08.2024 10636

Hademay yangi o‘quv yili boshlanadi. Qolaversa, oldinda — kuz fasli. Demak, qariyb uch oylik tanaffusdan so‘ng bolalar organizmi yana o‘quv mavsumiga, maktab rejimiga moslashishi kerak. SSV matbuot xizmati pediatr-shifokor Noiba Azimovaning ota-onalarga tavsiyalarini keltirdi. 

— Immun tizimi — organizmni turli mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi qalqon, — deydi mutaxassis. — O‘g‘il-qizlarning tez-tez betob bo‘lishi, xastalik ko‘p qaytalanishi — ularda immunitet zaifligi belgisi.

Bunga ko‘pincha maktab o‘quvchilari tanasida vitaminlar tanqisligi, yomon uyqu, noto‘g‘ri ovqatlanish va doimiy psixologik stress sabab bo‘ladi.

Chunki maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlar organizmi ma’lum ritmlarga moslashadi. Shu bois, bolani yoshligidanoq rejimga ko‘niktirgan ma’qul. Bu — immunitetni mustahkamlashda muhim omil.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari kechqurun soat 21:00 da uyquga yotib, ertalab soat 7:00 da turishi maqsadga muvofiq. Kattaroq yoshdagi bolalar uchun yotish vaqti bir soat – 22:00 gacha surilishi mumkin.

Uxlashdan avval kompyuter, planshet yoki telefondan foydalanish uyqu sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Oqibatda bosh miyada melatonin gormoni ishlab chiqarish kamayadi. Bu esa tunda kortizol gormoni miqdorini oshiradi. Oqibatda bolada turli kasalliklarga moyillik paydo bo‘ladi.

Qolaversa, me’yoriy hordiq immunitetga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uyqu paytida bola organizmidagi metabolizm jarayoni jadallashib, kichkintoylar ayni shu soatlarda yaxshi o‘sadi. 

Yana bir muhim tavsiya: bola kuniga kamida 4 marta taomlanishi, ya’ni soat 7:30-8:00 da nonushta, 10:30-11:30 da issiq nonushta, 14:00-15:00 da tushlik qilishi,  19:00-19:30da kechki ovqat tanavvul qilishi maqsadga muvofiq.

Fast-fud, tezpishar taomlar, gazlangan ichimliklar, “snek”lar, turli shirinliklar o‘quvchilar organizmini tabiiy vitamin va minerallardan mahrum qilishidan tashqari, har jihatdan sog‘lom o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yodlangan osh tuzi, sarxil meva-sabzavotlar iste’moli, suv balansi farzandlar salomatligi uchun muhim. Immunitetni oshirishda tabiiy antioksidant vazifasini o‘tovchi asal va viruslarga qarshi samarali kurashadigan sarimsoq piyozning foydasi katta.

A vitamini bilan boyitilgan sabzi va shirin kartoshka, gripp va nafas yo‘llarining yuqumli kasalliklariga qarshi kurashishda qo‘l keladigan Ye vitaminiga boy yong‘oqlar, albatta, bolalar ratsionida bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Ko‘proq yangiliklar: