Latviyada yadro qurolini mamlakat hududida joylashtirish uchun imzo to‘planmoqda.
Manabalss.lv jamoatchilik tashabbuslari portalida NATO ittifoqchilariga Latviya hududida yadro qurolini joylashtirishga chaqiriq uchun imzo to‘plash boshlandi.
Tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, har qanday NATO davlati «yadroviy soyabon»ga ishonishi mumkin. Tashabbusda aytilishicha, masalan, AQSh yadro quroli uzoq vaqtdan beri davlat hududidan tashqarida – Belgiya, Germaniya, Italiya va Niderlandiyada joylashgan.
«Yadro qurollari joylashgan mamlakatlar va harbiy bazalar xavfsizroq bo‘ladi, chunki Qo‘shma Shtatlar o‘z yadro arsenalining tajovuzkor qo‘liga tushishiga yo‘l qo‘ymaydi», — deyiladi portalda e’lon qilingan matnda.
G‘oya mualliflarining qayd etishicha, Polsha uzoq vaqtdan beri AQSh bilan o‘z hududida yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Tashabbus mualliflari Seymni NATO ittifoqchilari bilan Latviya hududida yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirmoqda, bu mudofaani mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.
Matnda «Kreml faqat qurolning kuchi, miqdori va sifatini hurmat qilishi» ta’kidlangan, shuningdek, SSSR davrida Latviyada 100 dan ortiq raketalarni o‘z ichiga olgan yadroviy harbiy bazalar bo‘lganligi eslatib o‘tilgan.
«Shuning uchun Latviyada yadroviy qurolni joylashtirish haqidagi gaplar yangilik emas. Ammo o‘shanda ular okkupatsion kuchlar edi. Endi Latviya mustaqil davlat bo‘lib, o‘z xavfsizligini qanday mustahkamlashni o‘zi hal qiladi. Shuning uchun biz Seymdan NATO ittifoqchilari bilan Latviya hududida yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashni va buning uchun zarur huquqiy bazani tayyorlashni so‘raymiz», — deya qo‘shimcha qildi tashabbus mualliflari.
Hozirgacha petitsiya uchun talab qilingan 10 ming imzodan 93 tasi to‘plangan.