Kursklik qochqinlar Rossiya tomonidan egallab olingan hududlarga yuboriladi

Jahon 09:00 / 14.08.2024 7200

Kursk viloyatining chegara hududlarida o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan fuqarolar Zaporijjya viloyati egallab olingan hududlariga yuboriladi. Bu haqda 13 avgust, seshanba kuni Kursk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov ma’lum qildi. Bu qaror uning Zaporijjya viloyatining Rossiya tomonidan tayinlangan «gubernatori» Yevgeniy Balitskiy bilan suhbatidan keyin qabul qilingan. 

Ruslarni joylashtirish uchun Balitskiy «Berdyanskdan Kirillovkagacha bo‘lgan hududda joylashgan Azov dengizi sohilidagi sanatoriylar va pansionatlardan foydalanishni» taklif qildi, dedi Smirnov. Uning so‘zlariga ko‘ra, «yaqin kelajakda» Zaporijjya viloyatiga «odamlarni yetkazish» uchun birinchi reyslar tashkil etiladi. Smirnov «harbiy holat sharoitida yashayotgan» mintaqada ruslarning xavfsizligi qanday ta’minlanishiga aniqlik kiritmadi. 

Kursk va Belgorod viloyatlari aholisini evakuatsiya qilish

Kursk va Belgorod viloyatlarining chegara hududlari aholisi Ukraina Qurolli kuchlari hujumi fonida uylarini tark etmoqda. 12 avgustga kelib, Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, 121 ming kishi evakuatsiya qilingan. 

13 avgust kuni Kursk viloyatining Bolshesoldatskiy tumanida evakuatsiya boshlandi. Bundan tashqari, Kursk viloyatining Glushkov, Korenev, Sudja tumanlarida ham aholining ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi tashkil etildi. Gubernator Vyacheslav Gladkov xabariga ko‘ra, qo‘shni Belgorod viloyatining Krasnoyarjskiy tumani aholisi uni deyarli butunlay tark etgan. 

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumi 

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi operatsiyasi 6 avgust kuni boshlandi. Korenev, Sudja va Belovskiy tumanlarida janglar ketmoqda. Gubernator vazifasini bajaruvchi 12 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari o‘z viloyatidagi 28 ta aholi punktini nazorat qilayotganini tan oldi. Ukraina qurolli kuchlari Rossiyada 74 aholi punkti va 1000 kvadrat kilometrdan ortiq hududni nazoratga olganini ma’lum qildi.

Bloomberg agentligi Rossiya Qurolli kuchlarida Kursk viloyati mudofaasi uchun shaxsiy tarkib yetishmayotganini qayd etib, yil oxirigacha safarbarlik e’lon qilinishi mumkinligi haqida yozdi. 

Ko‘proq yangiliklar: