O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
HAMASdagilar G‘azodagi sulh bo‘yicha muzokaralar bo‘yicha o‘z talablarini takrorlab, boshqatdan yangi muzokaralar emas, Isroil va vositachilar bilan muhokama qilib bo‘lingan kelishuv bo‘yicha ish olib borish lozimligini ta’kidlagan.
Dushanba kuni AQSh payshanba kunga mo‘ljallangan muzokaralar rejalashtirilganidek o‘tkazilishini ta’kidlagan. Vashingtondagilar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish hamon imkonli ekanidan umidvor. Axios nashrining xabariga ko‘ra, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken seshanba kuni muzokara uchun hatto Qatar, Misr va Isroilga borishni ham rejalashtirgan.
HAMAS harakati rasmiy vakilining Reutersʼga aytishicha, guruh payshanba kungi muzokaralarda ishtirok etishni rejalashtirayotgani to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Bizning shu kundagi bayonotlarimiz aniq-ravshan: qo‘yilgan talablarni bajarish kerak, yangi muzokaralarga hojat yo‘q”, — degan o‘z nomini oshkor etishni istamagan mulozim.
Bu orada Isroilning seshanba kuni bergan zarbalari oqibatida G‘azo sektorining markaziy va janubiy qismlarida 19 nafar falastinlik o‘ldirilgani ma’lum qilindi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 4 iyuldan boshlab hisoblanganda G‘azodagi qochqinlar jon saqlayotgan maktablarga 20 ta hujum uyushtirilgan va unda 274 nafar falastinlik qurbon bo‘lgan.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) Isroilning G‘azodagi maktablarga uyushtirgan hujumlari borasida bayonot bilan chiqish qilgan.
Bu ma’lumotga ko‘ra, so‘nggi 10 oy ichida G‘azodagi maktablarning yarmidan ko‘piga to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalar berilgan.
G‘alabadan yiroq Isroil
Isroil armiyasining 100 ga yaqin ofitseri Bosh shtab rahbari Gersi Xaleviga xat jo‘natib, “G‘azo sektoridagi vaziyat g‘alabadan yiroq” ekanini ma’lum qilishgan, deb yozishmoqda Isroil nashrlari.
«Biz armiyaning yuqori martabali mulozimlarining bir necha bor g‘alaba yaqinligi, nuqtali reydlarga o‘taverish mumkinligi borasidagi chiqishlaridan taajjubdamiz”, – deyiladi xatda.
“Biz jang maydonidan chiqib kelganlar vaziyat hali g‘alabadan juda yiroq ekanini juda yaxshi bilamiz”, degan ular.
Isroil harbiylarining ta’kidlashlaricha, Falastin qarshilik harakati jangchilarida hamon transchegaraviy imkoniyatlar, jumladan kuzatuvchi va kamikadze dronlar, minomyot snaryadlari va ulkan yerosti tunnellaridan iborat infratuzilma bor, shuningdek, jangni davom ettirish uchun askarlari yetarli.
G‘azo sektorida 10 oydan buyon davom etayotgan janglarda oliy harbiy qo‘mondonlar va siyosiy rahbarlar yaqin orada “G‘azoda to‘liq g‘alaba qozonilishi” haqida mudom ta’kidlab kelishadi.
Shu yilning fevralida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Amerikaning ABC telekanaliga bergan intervyusida “g‘alaba yaqin”ligi, Rafahga bostirib kirish “HAMASning qolgan-qutgan batalionlarini yo‘q qilish” uchun kerakligini ta’kidlagan edi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektorida 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan harbiy mojaro davomida kamida 10 ming isroillik askarlar o‘ldirilgan va yarador qilingan.
Isroil esa tinch aholi vakillari o‘ldirilayotgan G‘azodagi urush fonida BMT Xavfsizlik kengashining o‘t ochishni to‘xtatish borasida rezolyutsiyalarini nazar-pisand qilmay jahon hamjamiyatininng qoralashiga mubtalo bo‘ldi.
Ben-Gvirdan yana provokatsiya
Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir seshanba kuni yahudiylarga Al-Aqso masjidi hududida ibodat qilishga ruxsat berish zarurligi haqida ta’kidlagan. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ofisi ibodat o‘rnining statusi o‘zgartirilishi mmkoniyatini rad etdi.
“Ibodat tepaligida na xavfsizlik vaziri, na boshqa vazirning xususiy siyosat olib borishga haqi yo‘q”, — degan Netanyahu ofisi.
Yahudiylarning motam kuni Tisha be-avda Ben-Gvir “Bizning siyosatimiz — ibodat qilishga ruxsat berishdir”, degan. Bu joylarni boshqaruvchi vaqf fondi esa seshanba kuni Al-Aqso hududiga 2,5 ming yahudiy bostirib kirganini ta’kidlagan.
Falastin raisi Mahsud Abbosning vakili Ben-Gvirning bu tashrifini “provokatsiya” deb atagan va “mintaqada nazoratsiz portlash kelib chiqmasligi uchun” AQShni aralashishga chaqirgan.
Isroil kuchlari Quddus shahrining eski shahar qismiga olib boruvchi yo‘llarni yopishgan, yuzlab askarlarni chegara bo‘ylab o‘rnatishgan va hududda “harbiy holat” joriy etib, masjidga kirmoqchi bo‘lgan falastinliklar uchun cheklovlar o‘rnatishgan.
Bu orada Yevropa diplomatik xizmati rahbari Jozep Borrel Isroilning ekstremist vazirlari Itamar Ben-Gvir va Bechalel Smotrichga nisbatan keskin choralar ko‘rishga chaqirgan.
“Butun dunyo G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chorlayotgan bir paytda, Ben-Gvir tinch aholiga oziq-ovqat va yoqilg‘i yetkazib berishni qisqartirish kerakligini ta’kidlamoqda. Smotrichning yovuz chaqiriqlari kabi bu ham harbiy jinoyatlarga qasd qilishdir”, — deb yozgan Borrel X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shu munosabat bilan yevrodiplomatiya rahbari “sanksiyalar kun tartibida bo‘lishi kerak”ligini ta’kidlagan.
Bu Yevropaning oliy martabali mulozimining Isroil rahbariyati vakillariga nisbatan sanksiyalar joriy qilish borasidagi ilk chiqishidir.
Ukrainaning Kurskka hujumi
Ukraina harbiylari Rossiyaning 74 ta aholi punktini nazorat qilmoqda, degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Ukraina rahbari bosib olingan hududlarda «gumanitar yechimlarni ishlab chiqish» davom etayotganini ma’lum qildi.
«Murakkab, shiddatli janglarga qaramay, bizning kuchlarimiz Kursk viloyatida oldinga siljishda davom etmoqda va «almashuv fondimiz» o‘sib boryapti», degan Zelenskiy.
Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bosib olingan hududlarda «gumanitar yechimlarni ishlab chiqish davom etmoqda». U aholi punktlarida qancha tinch aholi qolganiga aniqlik kiritmadi.
Ukraina Rossiya hududlarini bosib olishdan manfaatdor emas va Ukraina Qurolli Kuchlarining Kursk oblastidagi hujum operatsiyasi faqat mamlakat fuqarolarini himoya qilishga qaratilgan. Bu haqda Kiyevdagi brifingda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi spikeri Georgiy Tixiy ma’lum qildi.
«Rossiyadan farqli o‘laroq, Ukrainaga birovning mulki kerak emas. Ukraina Kursk oblastidagi hududni egallashdan manfaatdor emas, biz xalqimiz hayotini himoya qilmoqchimiz», degan Tixiy.
«Afsuski, Ukraina bu terrordan o‘zini himoya qilish uchun o‘z qurollari bilan uzoq masofadan zarbalar berish uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas. Biz talab qilayotgan bunday qarorlar hali mavjud emas. Shuning uchun Ukraina Qurolli kuchlari yordamida bu chegara hududlarini Ukrainaga zarba berayotgan Rossiya harbiy kontingentlaridan ozod qilish ayniqsa muhim», degan diplomat.
TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina «tegishli maqsadlarga» erishmoqda va Kursk oblastidagi operatsiya Rossiyaga Donetsk viloyatidagi frontga qo‘shimcha harbiy qismlarni o‘tkazishga imkon bermaydi va Rossiya Mudofaa vazirligining moddiy-texnik ta’minotini murakkablashtiradi.
Samokatlarni taqiqlayotgan Avstraliya
Avstraliyada jamoatchilik noroziligi tufayli elektrosamokatlar ijarasi taqiqlandi.
Avstraliyaning Melburn shahrida elektrosamokatlar ijarasi «xavfsizlik uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tavakkalchilik tug‘dirishi» bois taqiqlandi, deb xabar beradi BBC.
Shahar kengashi ilk bor 2022 yil fevralda elektrosamokatlardan ikki yil davomida test rejimida foydalanishga ruxsat bergandi, biroq hozirga kelib kengashning pozitsiyasi keskin o‘zgardi. O‘tgan davr ichida samokatlar bilan bog‘liq yuzlab avariyalar qayd etilgan bo‘lib, bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.
Melburn merining ma’lum qilishicha, u ayrim elektrosamokat foydalanuvchilarining nomaqbul harakatlaridan «to‘ygan». «Piyodalar yo‘laklaridan juda ko‘p yurishadi. Odamlar uni belgilanganidek parkovka qilmaydi, shahar bo‘ylab xuddi chiqindi kabi yoyilib ketgan.
“Melburn — qisqa muddat foydalanishdan keyin 26 km/h tezlikka erisha oladigan skuterlarni ijaraga olishni taqiqlagan dunyodagi so‘nggi shahardir. Fransiya poytaxti Parij ularni o‘tgan yilning sentabrida taqiqlagandi”, — deydi shahar meri Nikolas Ris.
13 avgust kuni shahar kengashi a’zolari elektrosamokatlarni zudlik bilan taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Lime va Neuron operatorlariga o‘z elektrosamokatlarini 30 kun ichida olib tashlash majburiyati yuklandi.