Kursk oblastidagi janglarning bir haftasi davomida Rossiya qo‘shini baribir Ukraina qurolli kuchlari yurishini to‘xtata olmadi. Amaliyotda ishtirok etayotgan ukrain brigadalari Sudja shahrini egallagan, undan g‘arb tomonga (Korenevo rayoni markazi chekkalariga) yo‘l olgan, shimolda Lgov tomon yo‘lning yarmini bosib o‘tgan, shuningdek sharqiy yo‘nalishda boshqa bir rayon markazi — Belaya slobodasi tomon yirik reyd uyushtirgan. Rossiya hududi ichkarisiga maksimal kirib borish (shimoliy yo‘nalish) kamida 27 kilometrni tashkil etadi. Ukraina qurolli kuchlari yurishi sur’ati pasaygan, ammo RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi agar vaziyatni tezda barqarorlashtirishni istasa, katta ehtimol bilan chegara hududlarga qo‘shimcha kuchlar olib kelishiga to‘g‘ri keladi.
Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblasti hududiga frontorti bo‘linmalari, jumladan artilleriya va dron operatorlarini joylashtirishga muvaffaq bo‘lgan. Bu ham ukrain armiyasiga yurishni davom ettirishga imkon bermoqda. Birinchi galdagi maqsad — platsdarmni kengaytirish, o‘z guruhi ta’minotini xavfsiz qilish va Rossiyaning turli yo‘nalishlardagi guruhlarining o‘zaro hamkorlikda harakatlanishiga, shuningdek ularga zaxira kuchlar olib kelinishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi. Rossiya kuchlari endi ukrainlarning Kursk oblastidagi guruhining frontortiga qo‘shinlar orasida keng tarqalgan FPV-dronlari bilan zarbalar berish imkoniyatiga ega emas.
Kursk oblasti
- 11-12 avgust kunlari Ukraina qurolli kuchlari Sudja shahrining katta qismini, Rossiya qo‘shini oldingi besh kun davomida ushlab turgan rayon markazini egallab oldi.
- Shuningdek, Ukraina QK shahar janubidagi Maxnovka posyolkasini o‘z nazoratiga olgan. Ukraina qo‘mondonligi bu yerdan turib zaxira kuchlarini (katta ehtimol bilan, 80-desant-shturm brigadasi) sharq tomon chuqur reydlarga yubormoqda. Bu bo‘linmaning ilg‘or otryadlari Sudjadan Belaya rayoni markazi tomon yo‘ldagi Girya qishlog‘iga yetib borgan va pistirmaga tushib qolib, qisman yakson etilgan. Shu bilan birga, ukrain qo‘shini Sudja va Girya o‘rtasidagi pozitsiyalarni (ularning aniq joylashuvi noma’lum) egallab turibdi.
- Ukraina qurolli kuchlari Sudjadan shimolga ham yurishlarni davom ettirmoqda. Ukrain bo‘linmalari Sudja — Kursk yo‘li (bu yo‘nalishda Martinovka qishlog‘i hududida to‘xtatilgan) va Sudja — Lgov yo‘li bo‘ylab (Malaya Loknya qishlog‘ida to‘xtatilgan) hozircha yorib o‘ta olmagan. Ammo ular g‘arbroqda Lgov tomon ilgarilashga muvaffaq bo‘lgan — Kauchuk posyolkasi va Alekseyevskiy xutori yo‘nalishida. Bu yurishdan maqsad, katta ehtimol bilan, — Sudja — Lgov trassasini to‘sib qo‘yishdir.
- Ukraina qurolli kuchlarining Sudjadan g‘arb tomonga — besh ming kishilik Korenevo posyolkasi yo‘nalishida ham davom etmoqda. Bu butun hudud uchun muhim bo‘lgan yo‘llar tutashuvidir. 13 avgustga kelib ukrain qo‘shini posyolkaning sharqiy chekkalariga yetib kelgan.
RF qurolli kuchlari Kursk oblastida katta miqdordagi aviatsiya kuchlarini (vertolyotlar va Su-25 shturmoviklari kabi armiya vositalarini ham, frontda harakatlanadigan Su-34 bombardimonchilarini ham) harakatga keltirgan. Quruqlikdagi tarkib esa hali Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhiga qarshi turish uchun yetarli bo‘lmayapti. Ukrainlar yurish qilayotgan hududlarga tashlangan 810-dengiz piyodalari brigadasi bir necha yo‘nalishlar bo‘ylab tarqalib ketgan. Ulardan tashqari, hozircha faqat turli kuchaytiruvchi qismlar tashlangani haqida ma’lum — Belarusdan olib kelingan sobiq vagnerchilar otryadlaridan tortib turli bo‘linmalarning maxsus topshiriqli kuchlarigacha. Amaliyotda javobgarlik zonasiga Kursk oblasti ham kiruvchi Rossiyaning «Sever» guruhidan aynan qanday kuchlar ishtirok etayotgani oxirigacha ma’lum emas. Guruh kuchlarining katta qismi Xarkiv oblasti shimolida joylashgan.
Amerikadagi Urushlarni tadqiq etish instituti (ISW) hisobotiga ko‘ra, Rossiya Kursk oblastiga olib kelayotgan qo‘shimcha kuchlarning aksari yetarlicha yaxshi tayyorlanmagan va yaxshi qurollanmagan. Rossiya qo‘mondonligi katta ehtimol bilan aynan shu tufayli hozircha ukrain qo‘shinlarini Rossiya hududidan chiqarib yuborish bo‘yicha amaliyotga zo‘r bermasdan, asosiy e’tiborni mudofaaga qaratib, vaqtdan yutishga harakat qilmoqda.
«Rossiyaning muntazam batalyonlari Kursk oblastidagi mudofaani Rossiya mudofaa vazirligi emas, Federal xavfsizlik xizmati qarorlari bilan tartibsiz harakatlanishi, shuningdek harbiy harakatlarda muddatli xizmatga chaqirilganlar, FXX xodimlari va Rosgvardiya bo‘linmalari aralash tarzda ishtirok etayotgani ham Rossiya tomoni samarali qo‘mondonlik va boshqaruv yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlariga to‘sqinlik qilmoqda», — deb hisoblaydi amerikalik tahlilchilar.
Forbes nashri yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastining egallab olingan hududlarida xandaq qazib, o‘rnashmoqda, bu esa ular bu joylarda uzoq vaqt qolishni rejalashtirganini anglatadi. Rossiyaliklar ham xuddi shunday yo‘l tutmoqda — nashr ma’lumotiga ko‘ra, ikki tomon ham yirik ekskavatorlarni olib kelib, front chizig‘ini shakllantirishga harakat qilmoqda.
Bu vaqtda ukrain armiyasi ham, rus armiyasi ham muvaffaqiyatlar to‘g‘risida xabar berib, ijtimoiy tarmoqlarda raqibning o‘ldirilgan askarlari va yo‘q qilingan texnikalari aks etgan videoyozuvlarni tarqatmoqda. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari ukrain bayroqlari Kursk oblastida egallab olingan aholi yashash manzillarida hilpirayotgani, shuningdek ko‘plab rossiyalik harbiy asirlar aks etgan kadrlarni namoyish etmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9 avgust kuni kechki videomurojaatida so‘nggi kunlarda almashuv fondini to‘ldirishda «katta natijalarga erishgan» ukrain harbiylariga minnatdorchilik bildirgandi.
13 avgust kuni kechqurun esa Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan suhbati videosini e’lon qildi, unda qo‘mondon Kursk oblastidagi 74 ta aholi yashash manzili Ukraina nazoratiga o‘tgani to‘g‘risida hisobot bergan.
Rossiyaning Donbassdagi yurishi
- Endilikda Kursk oblastida Ukraina qurolli kuchlari yurishini to‘xtatish uchun tashlangan 810-dengiz piyodalari brigadasi bungacha Ukraina janubida jang qilayotgandi. «Sever» guruhiga yordamga avvalroq Vuhledar atrofidan 155-dengiz piyodalari brigadasi qismlari ham olib o‘tilgandi. Rossiyaning asosiy yurishi kechayotgan hududdan (Donbassning markaziy qismi) hozircha Kursk oblastiga qo‘shinlar o‘tkazilmayapti. O‘z-o‘zidan, bu yurish oldingi sur’atda davom etmoqda, bu esa Ukraina qurolli kuchlari mudofaasidagi inqirozli holatni kun sayin chuqurlashtirmoqda.
- Rossiya qo‘shini amalda Toretskdan janub va janubi-sharqda joylashgan posyolkalarni egallagan. Ukrainadagi manbalar xabar qilishicha, Nyu York va Zalizne posyolkalari oralig‘ida turgan bo‘linmalar qurshovga tushib qolish xavfi tufayli Toretsk tomon chekinishga majbur bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, yaqin haftalar ichida RF qurolli kuchlari keng front bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri Toretskka yetib keladi va uni shturm qilishni boshlaydi. Hozircha esa ular posyolkalar va Toretsk o‘rtasidagi konlarning terrikonlarini (kon chiqindilaridan hosil bo‘lgan tepaliklar) egallashga harakat qilmoqda.
Toretskdan 50 kilometr g‘arbda Rossiya qo‘shini Pokrovsk aglomeratsiyasiga yaqinlashib kelgan, bu Ukraina qurolli kuchlarining muhim aloqa yo‘llari o‘tgan hududdir. RF qurolli kuchlari Ivanovka va Lisichne qishloqlarini egallagan va Mirnograd — Pokrovsk aglomeratsiyasini to‘sib turgan Grodovki posyolkasining sharqiy chekkasiga chiqqan.
Yurishning hozirgi dinamikasi saqlanib qoladigan taqdirda kuz boshidayoq Pokrovsk uchun janglar boshlanishini kutish mumkin. Ukraina qo‘mondonligi zaxiralarni jangga tashlamasa, faqat Kursk atrofidagi vaziyat dushmanni Pokrovsk va Toretsk atrofidagi kuchlarni chegara tomonga olib ketishga majbur qilishidan umid qilishi kerak bo‘ladi. Hozircha esa buning imkoniyati juda past ko‘rinmoqda: RF qurolli kuchlarida nisbatan tinch bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarda ham jangovar kuchlar zaxirasi mavjud.