Financial Times tahlilchisi Saymon Kuper 8 avgust kuni e’lon qilgan maqolasida Olimpiada va boshqa yirik sport musobaqalarida ko‘plab medallar olayotgan davlatlarga to‘xtalib o‘tgan. Uning fikricha, g‘olib davlat ro‘yxati bu shunchaki sportdagi yutuqlarga rahbarlik qilish emas, balki ko‘proq narsalar haqida gapiradi.
«Olimpiada medallari sportga qaraganda kuchliroq ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Medallar odatda davlatlar sportdan ancha chekkaroqda bo‘lgan muhim ishlarni ham to‘g‘ri qilayotganini bildiradi.
Nega bundayligini bilish uchun medallar jadvalining yuqori qismini o‘rganish kerak. Bu musobaqada Ukrainadagi bosqin tufayli Rossiya qatnashmayapti, lekin o‘ndan ortiq rossiyalik sportchilar boshqa davlatlar nomidan musobaqada ishtirok etmoqda. Bu AQSh va Xitoy musobaqada mos ravishda 1 va 2-o‘rinlarni bo‘lishib olishiga sabab bo‘lmoqda» (SSSR tarqalgach rossiyalik sportchilar yozgi olimpiada o‘yinlarida doimiy ravishda kuchli beshlikda bo‘lib kelgan, muallif shu sababli Rossiyani AQSh va Xitoyga raqobatchi o‘laroq eslatmoqda.)
Muallif medallar reytingining eng yuqorisida turgan 16 davlatni (8 avgust holatiga) misol keltirib, ularning hammasi demokratik va aholisi yuqori daromadga ega davlatlar ekaniga urg‘u bergan. Bu musobaqada dunyoning barcha chekkalaridan odamlar qatnashsa ham asosiy omil – geografik joylashuv emas, balki aynan bir kategoriyadagi davlatlar ko‘proq g‘olib bo‘ladi.
«Qishki olimpiyada o‘yinlarida ham holat shunday. Asosiy sovrindor davlatlarning barchasi rivojlangan davlatlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Iqtisodchi Stefan Shimanski bilan birga, olimpiada va boshqa musobaqalarga asoslanib, barcha davrlardagi eng yaxshi natijalarni solishtirib chiqqanimizda eng yaxshi sport jamoasi — demokratik va aholisi boy Norvegiya bo‘ldi.
Ko‘rinib turibdiki, har qanday milliy jamoalarning sportdagi yutuqlari mamlakatning boyligi, aniqroq aytsak inson kapitali rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘ladi».
Bunda BMT tomonidan e’lon qilinayotgan Inson rivojlanishi indeksida davlatlar bo‘yicha aholi umr davomiyligi, ta’lim olishi va hayot darajalari o‘lchanadi. Bu reytingdagi Top-10 davlatlarni doim sportda ham yuqori o‘rinlarda ko‘rishingiz mumkin, deydi mutaxassis.
Buni qanday tushuntirish mumkin?
Boy demokratik davlatlar, ayniqsa sotsial-demokratlar o‘z aholisi haqida yaxshi qayg‘uradi. Bu esa moddiy darajasidan qat’i nazar har qanday odamlarga sport bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratishdir.
Masalan, Norvegiyaning eng chekka hududlarida ham barcha mavsumlarga moslashgan sport maydonchalari bor. U yerdagi kiyim almashtirish xonalari issiq, murabbiylar diplomli bo‘ladi va bolalar ham imkoniyat darajasidagi narxlarda sport bilan shug‘ullana oladi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Norvegiya aholisining 84 foizi haftada bir marotabadan kam bo‘lmagan holda sport turlari, fitnes yoki qayta tiklovchi jismoniy mashqlar bilan shug‘ullangan. Va bu sporsevar Yevropa uchun eng yaxshi natija hisoblanadi.
Dunyo darajasida milliy sport yutuqlari mamlakatni odatda juda keng doirada kuchli taraflarga egaligini ko‘rsatadi. Hamma uchun sport maydonchalari va yaxshi murabbiylarni ta’minlab bergan davlat, qonuniyatga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimi va maktab ta’limini ham hamma uchun yaxshi ta’minlab qo‘yadi. Boy va demokratik davlat bo‘lish – yaxshi ta’lim olgan va sport bilan shug‘ullangan bo‘lish odatda umumiylikning bir qismlari.
Boy davlatlarning ko‘proq aholisi sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi va yakunda ularning juda kam qismi medallarni oladi.
Kambag‘al mamlakatlarning aholisi bunday imkoniyatlardan juda kamiga ega bo‘ladi. Ko‘plab bechorahol aholida oziq-ovqat yetishmasligi tufayli hali tug‘ilmasdanoq Olimpiadaga chiqish potensiali «o‘lib bo‘ladi». Hindiston yoki Afrikadagi shaharlardan futbol o‘ynash uchun stadionlarni qidirib ko‘ring. Hukumat juda kam bunday inshootlar quradi. Parijda muvaffaqiyatli qatnashgan Keniya, Efiopiya yoki Yamayka kabi kambag‘al davlatlarga e’tibor qilsangiz, eng arzon sport turi bo‘lgan turli masofalarga yugurishda qatnashmoqda. Xitoyning so‘nggi 15-20 yillardagi muvaffaqiyati ham bekorga emas, balki uning iqtisodiy o‘sishi bilan chambarchas bog‘liq.
Xulosa qilib aytganda, suzuvchi Leon Marshanni olqishlagan fransuzlar ham shunchaki sportni emas, undan ko‘ra ko‘proq narsa – farovonlik uchun muxlislik qilishdi”.