Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi budjeti joriy moliyaviy yilda (2025 yilning apreliga qadar) taxminan 20 foizga qisqartiriladi, deb xabar beradi The Telegraph. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gap qurolli kuchlarni modernizatsiya qilishni nazarda tutuvchi budjet moddalari haqida ketmoqda.
«Ilg‘or texnologiyalarga investitsiy kiritilmasa, qurolli kuchlarimiz nafaqat Xitoy va Rossiya kabi raqiblarimizdan, balki AQSh kabi ittifoqchilarimizdan ham ortda qolishi mumkin. Bu qurolli kuchlarimizning jangovar salohiyatini pasaytiradi va Buyuk Britaniya xavfsizligi hamda himoyasi kuchsiz ekanini anglatadi», — deydi nashr suhbatdoshi.
Ta’kidlanishicha, yuzlab ish o‘rinlari qisqartiriladi, kosmosga yangi razvedka sun’iy yo‘ldoshlarini chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Minerva loyihasi ham xavf ostida.
The Telegraph’ning aniqlik kiritishicha, leyboristlar g‘alabasi prognozlari fonida amaldorlar saylov kampaniyasi vaqtida modernizatsiya uchun 20 foizli qisqartirish haqida ogohlantirilgan. Mudofaa vazirligi vakili ushbu ma’lumotni yanglish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, leyboristlar hukumati yaqin kelajakda mudofaa xarajatlarini YaIMning 2,5 foizi miqdoriga yetkazadi. Hozirda bu boradagi ko‘rsatkich 2,3 foizga yaqinni tashkil etmoqda.
Avvalroq Britaniya Moliya vazirligi rahbari Reychel Rivz 22 milliard yevrolik defitsitni qoplash uchun 5,5 milliard yevro tejash kerakligi haqida gapirgandi. Mudofaa vazirligi o‘z navbatida «sun’iy yo‘ldosh razvedkasi, kuzatuv va razvedka qobiliyatlarini rivojlantirish»ga sodiqligini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Rishi Sunak mudofaa budjetini YaIMning 2,5 foiziga qadar oshirish vazifasini qo‘ygandi. Ammo 10 iyul kuni Britaniya hukumatining yangi rahbari Kir Starmer mamlakatning mudofaa strategiyasini qayta ko‘rib chiqilishini aytgandi.