Avstraliyada jamoatchilik noroziligi tufayli elektrosamokatlar ijarasi taqiqlandi

Jahon 00:31 / 14.08.2024 3746

Avstraliyaning Melburn shahrida elektrosamokatlar ijarasi «xavfsizlik uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tavakkalchilik tug‘dirishi» bois taqiqlandi, deb xabar beradi BBC.

Shahar kengashi ilk bor 2022 yil fevralda elektrosamokatlardan ikki yil davomida test rejimida foydalanishga ruxsat bergandi, biroq hozirga kelib kengashning pozitsiyasi keskin o‘zgardi. O‘tgan davr ichida samokatlar bilan bog‘liq yuzlab avariyalar qayd etilgan bo‘lib, bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Melburn merining ma’lum qilishicha, u ayrim elektrosamokat foydalanuvchilarining nomaqbul harakatlaridan «to‘ygan». «Piyodalar yo‘laklaridan juda ko‘p yurishadi. Odamlar uni belgilanganidek parkovka qilmaydi, shahar bo‘ylab xuddi chiqindi kabi yoyilib ketgan. Melburn — qisqa muddat foydalanishdan keyin 26 kilometr/soat tezlikka erisha oladigan skuterlarni ijaraga olishni taqiqlagan dunyodagi oxirgi shahardir. Fransiya poytaxti Parij ularni o‘tgan yilning sentabrida taqiqlagandi», — deydi shahar meri Nikolas Ris.

13 avgust kuni shahar kengashi a’zolari elektrosamokatlarni zudlik bilan taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qildi. Lime va Neuron operatorlariga o‘z elektrosamokatlarini 30 kun ichida olib tashlash majburiyati yuklandi. Kompaniyalarning shu turdagi transport vositalaridan foydalanish bo‘yicha yana olti oylik shartnomasi mavjud edi va oxirgi haftada ular foydalanuvchilarni kengashga petitsiya kiritishga chaqirish bo‘yicha faol kampaniya olib bordi.

Ikkala kompaniya ham so‘nggi oylarda xavfsizlikni ta’minlash va samokatlardan foydalanish qoidalarini kuchaytirishga katta mablag‘ yo‘naltirdi. Xususan, Neuron samokatlarga maqsadli bo‘lmagan foydalanishlarning oldini olish uchun sun’iy intellektga ega kameralar o‘rnatish rejasini ma’lum qildi.

Kompaniya vakili shahar kengashining butunlay taqiqlash to‘g‘risidagi qarorini qoralab, amaldorlar bilan samokatlardan foydalanishni cheklash bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini bildirdi.

Melburnda 2022 yil fevralida boshlangan tajriba doirasida Lime va Neuron’ning 1,5 mingga yaqin samokatlari turli joylarga tarqatilgan. Avvalroq shahar kengashi samokatlar atmosferaga chiqariladigan zararli gazlarni 400 tonnadan ortiqqa kamaytirgani va jamoat transportidan faolroq foydalanishga xizmat qilganini aytgandi. 

Melburn Qirollik shifoxonasi tomonidan 2023 yil dekabrda e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2022 yilda tez yordamga 250 ga yaqin samokat haydovchilar turli jarohatlar bilan murojaat qilgan. Shifoxona vakillarining so‘zlariga ko‘ra, elektrosamokatlar ishtirokidagi avariyalar oqibatida hatto o‘lim holatlari, bosh miya jarohatlanishi kabi ko‘ngilsiz hodisalar ham kuzatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: