AQSh Isroilga 20 mlrd dollarlik qurol yetkazib berishni ma’qulladi

Jahon 07:30 / 14.08.2024 4429

Qo‘shma Shtatlar Isroilga 20 milliard dollardan ortiq (taxminan 18,2 milliard yevro) qo‘shimcha qurol eksportini ma’qulladi. Davlat departamentining 13 avgust, seshanba kuni xabar berishicha, gap, xususan, 50 ga yaqin F-15 qiruvchi samolyotlari va 33 ming birlikdagi o‘q-dorilar haqida bormoqda. Bu «Isroilning joriy va kelajakdagi dushman tahdidlariga javob berish qobiliyatini yaxshilashi kerak», dedi departament. 

AQSh Kongressiga yuborilgan bildirishnomaga ko‘ra, F-15 qiruvchi samolyotlari 18,25 milliard dollar (taxminan 16,6 milliard yevro) turadi va 2029 yilda yetkazib berilishi kerak. Bundan tashqari, Isroil Mudofaa vazirligi AQShdan 50 mingtagacha minomyot snaryadlari va harbiy transporter sotib oladi. 

May oyida AQSh prezidenti Jo Bayden G‘azo sektori janubidagi Rafahda harbiy amaliyotda qo‘llanishi mumkinligidan xavotirlar tufayli Isroilga aviatsion bombalarni yetkazib berish to‘xtatilganini e’lon qilgan edi. Biroq Vashingtonga ko‘ra, bu qaror boshqa turdagi qurollar yetkazib berishga ta’sir qilmagan. 

F-15 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish bo‘yicha, Davlat departamenti Qo‘shma Shtatlar «Isroil xavfsizligini ta’minlashga sodiq» ekanini tushuntirdi. «AQSh milliy manfaatlari uchun Isroil mudofaa qobiliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash juda muhim», deb ta’kidladi departament.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab Hamasning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
 
Hamasning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida Hamasga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: