Andijonda o‘qituvchilarni maktabdagi qurilish ishlariga jalb etgan direktor 34 mln so‘m jarimaga tortildi

O‘zbekiston 23:30 / 14.08.2024 9240

Andijon viloyatida o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilingani, ayol o‘qituvchilar maktab hududida arava sudrab, og‘ir yumushlarni bajargani to‘g‘risida xabar berilgandi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi holatga munosabat bildirib, maktab direktori javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida o‘qituvchilar og‘ir qurilish ishlariga jalb qilingan. O‘qituvchilar asosan qurilish chiqindilarini tashish bilan shug‘ullangan. Ular ishga maktab direktorining topshirig‘i bilan chiqqan. Ish jarayonida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi yiqilib, qo‘li singan.

Qayd etilishicha, holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Maktab direktori o‘z ko‘rsatmasida ta’lim muassasasida qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib ushbu ishlarni ko‘rsatmasi asosida bajarganini bildirgan.

O‘rganish davomida Mehnat kodeksining 25-moddasi (Ish beruvchining majburiyatlari) hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablarini buzgani aniqlangan.

Shu sababli, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (34 million) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: