Taqdimotda sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, bank, soliq, bojxona kabi sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Avvalo, sun’iy intellekt bo‘yicha qonunchilik bazasini yaratish kerakligi qayd etildi. Sun’iy intellektni joriy etish strategiyasi va ikki yillik loyihalar dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Sun’iy intellekt texnologiyalari markazini tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Xususan, bank-moliya sohasida sun’iy intellektni qo‘llashni kengaytirish, bu bo‘yicha kadrlar tayyorlash va xodimlar malakasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda 4 ta universitetda sun’iy intellekt bo‘yicha kadrlar tayyorlanyapti. Hozirda katta ma’lumotlarni qayta ishlash va til modellari bo‘yicha 600 nafar mutaxassisga talab bor. Bu kelgusi yillarda karrasiga oshadi. Shuni inobatga olib, sohalar kesimida talabga mos mutaxassislar tayyorlash muhimligi aytildi.
Dunyoning barcha ilg‘or IT kompaniyalari o‘z faoliyatini startapdan boshlagan. O‘tgan yili bunday loyihalar uchun jalb qilingan venchur investitsiyalar hajmi 134 million dollarni tashkil qilgan.
Davlat rahbari startap loyihalarni moliyalashtirish uchun venchur investitsiyalarga keng sharoit yaratish vaqti kelganini ta’kidladi. Shu bois startap ekotizimini rivojlantirish, venchurli moliyalashtirish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.