12 avgust kuni davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda yirik soliq to‘lovchilarning ayrim to‘lovlari mahalliy budjetga tushishi masalasi ko‘tarildi.
Yig‘ilishda prezident yirik korxonalarni soliqqa tortish Soliq qo‘mitasi tomonidan yuritilgani bilan ularning ayrim to‘lovlari mahalliy budjetga tushishi, lekin yirik korxonalar soliq prognozini bajarmagani uchun mahalliy budjet qo‘shimcha daromadlarsiz qolib ketayotganini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan Soliq qo‘mitasiga yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qilish topshirildi.
Bundan tashqari, barcha vazirlar o‘z tizimida metodologiya, reglament va raqamlashtirishni yil yakunigacha tartibga keltirishi zarurligi to‘g‘risida ogohlantirildi. Vazirlar Mahkamasi 1 oktyabrgacha har bir vazirlikning tumandagi tashkilotlarida metodologiya, reglament va raqamlashtirish bo‘yicha hisobotini qabul qilib olishi belgilandi.
Avvalroq, prezident Soliq qo‘mitasiga quyosh paneli o‘rnatgani uchun yer va mulk solig‘i imtiyozini qo‘llashdagi cheklovni olib tashlash vazifasini qo‘ygani xabar qilingandi.