Kanadaning yangi pasporti xususiyatlari aks etgan video Instagram'da mashhurlikka erishdi. Video tezda katta shuhrat qozondi va 6,7 milliondan ortiq ko‘rildi.
Unda pasport sahifalarini yaratishda ishlatiladigan noyob texnologiyani ko‘rish mumkin. Sahifalarga maxsus yorug‘lik tushganda ular porlashni boshlaydi, bu esa ifodali vizual effekt yaratadi. Bu foydalanuvchilarning hayratiga sabab bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi hujjatni "juda chiroyli, “ta’sirli" deb ta’rifladi.
“Qanday go‘zal”, “Voy!”, “Ajoyib”, “Bunday pasportga ega bo‘lish uchun kanadalikka aylanishni xohlardim”, “Mana nima uchun pasportni yangilashga ko‘p vaqt ketadi”, “Braziliyada ham shunday pasport bor, ultrabinafsha nurlar ostida ko‘plab suratlar paydo bo‘ladi”, “Bu shoh asar, kanadaliklar o‘z pasporti bilan faxrlansa bo‘ladi” va hokazo izohlar qoldirilgan video ostida.
Yorqin sahifalar nafaqat pasportga joziba bag‘ishlaydi, balki hujjat himoyasining yuqori standartlarini ham ko‘rsatadi. Yangi texnologiya muhim hujjatlarning xavfsizligi va estetikasini yaxshilash uchun zamonaviy texnologiyalardan qay tarzda foydalanish mumkinligiga misol bo‘la oladi.
Rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, unda asosiy narsa - muqovadagi chinor bargi va ichki sahifalardagi to‘rt fasl tasvirlangan rasmlar - ular ultrabinafsha nurlar ta’sirida o‘zgaradi.
Yangi pasportda shaxsiy ma’lumotlar pechatlangan siyoh bilan emas, balki lazer yordamida o‘yilgan, bu dizayn firibgarlikka qarshi kuchli komponentlarga ega.
Bundan tashqari pasportdagi Kinegram asosiy fotosurat ustida pasport egasining qo‘shimcha tasviri tushirilgan maxsus shaffof oyna, suratning lazerli shakli va issiqlikka sezgir siyoh mavjud.
Passport Index ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh, Avstraliya va Yaponiya kabi davlatlar qatorida Kanada pasporti harakatchanlik bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, viza talablari bo‘yicha 26-o‘rinni egallaydi. Bu pasport egalariga 115 davlatga vizasiz kirish imkonini beradi, 51 davlat esa kanadaliklar kelganidan keyin vizaga ruxsat beradi.
Bir muddat avvalroq mayamilik styuardessa Brenda Orelus dunyo mamlakatlari pasportlari rangi nimani anglatishi haqida ma’lumotlar bilan bo‘lishgan, uning videosi esa 4,5 milliondan ortiq ko‘rilgandi.
Moviy pasport. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘k rangli pasport odatda erkinlik va barqarorlik bilan bog‘liq. Bunday pasport, styuardessa ta’kidlaganidek, obro‘-e’tiborning o‘ziga xos ramzidir, chunki u yuqori harakatchanlikni ta’minlaydi. Ya’ni ko‘k rangli pasport egalaridan boshqa mamlakatlarga kirish uchun kamroq viza talab etiladi.
Yashil pasport. Brendaning so‘zlariga ko‘ra, yashil pasportlar ko‘pincha Yaqin Sharq va Afrika aholisiga tegishli. Yashil rang, deydi bloger, an’anaviy ravishda islom va arab dunyosi bilan bog‘liq bo‘lib, uni ommabop tanlovga aylantiradi. Biroq Orelus ta’kidlaganidek, bunday pasportlar kam harakatlilik xususiyatiga ega: ko‘p mamlakatlarda viza talab qilinadi va safar cheklovlariga duch keladi.
Qizil pasport. Qizil rang ko‘pincha kuch va hokimiyatni anglatadi, shuning uchun u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida mashhurdir, dedi styuardessa. Sayohat bo‘yicha mutaxassisning fikriga ko‘ra, qizil pasportlar ham yuqori global harakatchanlikka ega, bu ularning egalari uchun sayohat qilishda kamroq viza talablarini anglatadi.
Qora pasport: Brenda ta’kidlaganidek, qora pasportlar asosan Afrikaning ayrim mamlakatlarida qo‘llanadi. Qora rang, blogerning fikriga ko‘ra, nafosat va kuch bilan bog‘liq. Biroq bunday pasportlar odatda past global harakatchanlikka ega, bu ularning egalari uchun ko‘proq cheklov va viza talablarini anglatadi.
Internet foydalanuvchilarining ko‘pchiligi blogerning fikrlarini tanqid qilgan.
“100 000 foiz noto‘g‘ri. Yamanning pasporti ko‘k, eng yaxshilaridan biri hisoblangan Janubiy Koreyaning pasporti yashil rangda. Internet noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘pligi uchun ham xavfli”,
“Livan pasporti ko‘k rangda, men vizasiz bora oladigan yagona davlat, bu mening yotoqxonam va oshxonam”,
“Moviyrang Hindiston pasporti bilan (vizasiz) ko‘p harakatlanib bo‘lmaydi”
“Kuba pasporti ko‘k rangda va juda ko‘p cheklovlarga ega”, deb yozgan tarmoq foydalanuvchilari.