Parij-2024 olimpiadasi medallari narxi aslida qancha?

Sport 18:49 / 13.08.2024 66059

Parij Olimpiadasining oltin medali, shubhasiz, zamonaviy o‘yinlar tarixidagi eng qimmatli medaldir, birinchi navbatda, oltinning rekord darajadagi yuqori bahosi tufayli, deb yozdi Forbes.

Umrining katta qismini shunday maqsad yo‘lida o‘tkazgan sportchi uchun oltin medalning qadrini o‘lchab bo‘lmaydi. Ammo oltin, kumush va bronza medallari uchun ishlatiladigan materiallar qiymatini o‘lchash mumkin. 2024 yilgi Olimpiada oltin medali narxi 24 iyul holatiga ko‘ra, oltin, kumush va temirning spot bahosi va medal uchun foydalanilgan ushbu materiallar miqdoridan kelib chiqqan holda taxminan 950 AQSh dollarini tashkil etadi.

Bu, ehtimol, zamonaviy o‘yinlar tarixidagi har qanday oltin medalning eng yuqori qiymati bo‘lishi mumkin, birinchi navbatda, oltinning rekord darajadagi yuqori bahosi bilan bog‘liq. Bu 2012 yilgi London Olimpiadasida o‘rnatilgan 708 dollarlik rekordni ortda qoldirdi. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, avvalgi barcha oltin medallarning qiymati oltinning rekord bahosi asosida keskin oshgan.

Barcha medallarning diametri 85 millimetr va qalinligi 9,2 millimetrga teng. Olimpiada oltin medalining og‘irligi 529 gramm, medalning 95,4 foizdan ortig‘i aslida kumushdan (505 gramm) iborat. Medal uchun qoplama vazifasini bajaradigan sof oltin 6 grammga, temir esa 18 grammga teng. Agar oltin medal sof oltindan yasalganda, uning qiymati 41 ming dollardan oshib ketgan bo‘lar edi. Shu tufayli, sof oltin medallar oxirgi marta 1912 yilda London olimpiadasida berilgan.

Kumush medalning vazni 525 gramm, shundan 507 gramm kumush va 18 gramm temirdan iborat. Uning qiymati kumush va temirning 24 iyuldagi spot narxiga asoslanib, taxminan 486 dollarni tashkil qiladi.

Bronza medalining og‘irligi 455 gramm bo‘lib, 415,15 gramm mis, 21,85 gramm rux va 18 gramm temirdan iborat. Uning narxi taxminan 13 dollarni tashkil qiladi.

Odatda Olimpiya medallarini tayyorlash uchun temir ishlatilmaydi, ammo bu oddiy temir emas. U Parij va Fransiyaning umume’tirof etilgan ramzi bo‘lgan Eyfel minorasidan olingan.

Metall yodgorlikning o‘tgan asrda liftni modernizatsiya qilish uchun olib tashlangan qismlaridan yasalgan. Metall Fransiyaning sharqiy qismidagi Pompey shahri temirchilik ustaxonalarida «tozalangan». Olimpiada rasmiy veb-saytiga ko‘ra, quyma temirdan ortiqcha uglerod chiqarilgandan so‘ng, qolgan temir «deyarli toza va juda mustahkam».

Olimpiya medalining ichki qiymatini aniqlashda dizayn odatda narxga kiritilmaydi. Biroq, ushbu dizayn medallar narxini yanada oshirishi mumkin, chunki ular mashhur Chaumet zargarlik uyi tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu kompaniya tarixda britaniya va fransuz qirollari uchun zargarlik buyumlarini ishlab chiqishi bilan nom qozongan.

Ko‘proq yangiliklar: