Lufthansa Yaqin Sharqqa parvozlar jadvalini o‘zgartirmoqda

Jahon 07:54 / 13.08.2024 1970

Lufthansa Group mintaqadagi vaziyat yanada kuchayishi xavfi tufayli Yaqin Sharqqa parvozlar jadvaliga o‘zgartirish kiritishda davom etyapti. Yangi tuzatishlar 12 avgust, dushanba kuni Germaniyaning Deutsche Lufthansa AG aviakompaniyasi shu’ba korxonasi bo‘lmish SWISS Shveytsariya kompaniyasi tomonidan e’lon qilindi

Isroilning Tel-Aviv va Livandagi Bayrut shaharlariga barcha reyslar 21 avgustgacha amalga oshirilmaydi. 

SWISS reyslar bekor qilinishidan zarar ko‘rgan yo‘lovchilarga parvozni bepul qayta bron qilish imkoniyatini taklif qilmoqda. 

31 avgustgacha chipta sotib olgan mijozlar sayohat qilmaslikka qaror etsa, bronni bepul bekor qilishlari mumkin, deyiladi Shveytsariya tashuvchisi veb-saytida. 

Air France Tel-Avivga parvozni davom ettiradi 

AFP aniqlik kiritishicha, Lufthansa Group’ning Eronning Tehron, Iordaniyaning Amman va Iroq shimolidagi Erbil shaharlariga parvozlari ham 21 avgustgacha amalga oshirilmaydi. 

Lufthansa Group’ga Eurowings, Austrian Airlines va Brussels Airlines ham kiradi.

Ayni paytda, Fransiyaning Air France aviakompaniyasi va uning shu’ba korxonasi Transavia France Bayrutga parvozlarni to‘xtatib turish muddatini keyingi chorshanbagacha uzaytirdi. Ikki aviakompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, parvozlarni qayta tiklash «vaziyat»ga yangi baho berilgandan keyin mumkin bo‘ladi. Ayni paytda Air France Tel-Avivga parvozlarini davom ettirmoqda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri deyarli 40 ming falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: