Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer pichoq yordamida amalga oshirilayotgan hujumlar soni ortayotgani bois quroldan foydalanish to‘g‘risidagi qonunlarni kuchaytirmoqchi ekanini ma’lum qildi. Hozirda jamoat joylarida tig‘ining uzunligi 12 santimetrdan oshmaydigan pichoqlarni olib yurishga ruxsat etiladi.
Fezer tig‘ining uzunligi 6 santimetrdan oshadigan pichoqlarni olib yurishni taqiqlashni taklif etmoqda. Jinoyatlarni tergov qilish federal xizmati rahbari Dirk Peglou esa jamoat joylaridan pichoq olib yurishni butunlay taqiqlash haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi.
O‘z navbatida politsiyachilar Kasaba uyushmasi vitse-prezidenti Xayko Teggats ham «jamoat joylarida pichoq olib yurishni taqiqlash kerak», deb hisoblaydi, ammo uning aytishicha, vaziyatni nazorat qilish uchun yanada ko‘proq politsiyachilar talab etiladi va «qonunbuzarlik uchun jiddiy jarimalar belgilanishi lozim».
Shu bilan birga, ichki ishlar bo‘yicha ekspert Konstantin Kule Federal Ichki ishlar vazirligining takliflarini ishonarsiz deb hisoblaydi. «Siyosatchilar qurol to‘g‘risidagi qonunlarni ramziy ravishda kuchaytirishdan voz kechishlari va buning o‘rniga mavjud qonunchilikka amal qilinishi va huquqbuzarlar jazolanishini qat’iy nazorat qilishi kerak», — deydi bundestag deputati.
Tsyurix oliy maktabi huzuridagi Profilaktik huquqbuzarliklar va jinoyatlar instituti rahbari professor Dirk Bayer pichoq tig‘ining uzunligini cheklash samara bermasligini ma’lum qildi: «Odamlar taqiq borligi uchun o‘zi bilan pichoq olib yurish va undan foydalanishni to‘xtatib qo‘ymaydi».
Berlin jinoiy statistikasiga ko‘ra, 2023 yilda 3482 ta jinoyatda pichoqdan qurol sifatida foydalanilgan — bu undan oldingi yilga nisbatan 165 taga ko‘p. Jabrlangan fuqarolarning har uchtadan biri 21 yoshdan kichik.