Muxolifatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishiga oid ish bo‘yicha sudlangan chechenistonlik sobiq politsiyachi Temirlan Eskerxonov koloniyadan urushga jo‘nab ketdi. U Rossiya tomonidan egallagan Mariupolda «qulay va xavfsiz sharoit»da xizmat qilmoqda.
Eskerxonov koloniyadan ozod etilgani haqida 9 avgust kuni «RIA Novosti» manbasi xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chechenistonlik sobiq politsiyachi Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan, afv etilgan va hozirda Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etmoqda. Rossiya huquq-tartibot organlarining «TASS»ga ma’lum qilishicha, Eskerxonov 2024 yilning martida ozodlikka chiqqan, shundan keyin bo‘linmalardan biriga jang qilish uchun yo‘l olgan.
«Novaya gazeta. Yevropa»ning tasdiqlashicha, 2023 yil oxiri va 2024 yil boshida chechenistonlik o‘nlab mahbuslar Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, Rossiya koloniyalaridan ozod etilgan. Nashrning qayd etishicha, oldinlari chechen mahbuslarni ommaviy ravishda urushga jalb etish kuzatilmagan. Jurnalistlarning taxminicha, bu terrorchilik moddalari bilan sudlanganlarni urushga jalb etish taqiqlangani bilan bog‘liq.
Ammo 2023 yil oxirida vaziyat o‘zgardi va Ukrainadagi urushga Checheniston IIVdagi manbaga ko‘ra, qotillik, giyohvand moddalar aylanmasi yoki firibgarlik ayblovlari bo‘yicha qamalgan 200 ga yaqin chechenistonlik mahbus jalb etildi.
Ozodlikka erishgan chechenlarning aksariyati rostdan ham hujum bo‘linmalariga joylashgan. Jurnalistlarda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ayrimlari ko‘p o‘tmay halok bo‘lgan. Shu bilan birga, frontda chechenistonlik askarlar halok bo‘lgani haqida respublika statistikasida rasmiy ma’lumot yo‘q. Ularning qarindoshlari mahbuslar urushda emas, sog‘lig‘idagi muammo tufayli vafot etgani to‘g‘risidagi hujjatlarni imzolashga majburlangan. Bundan tashqari, shu paytgacha halok bo‘lgan mahbuslarning oilalariga qonunda belgilangan tovon puli to‘lanmagan, jasadlari harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan joydan olib ketilib, uylariga yetkazilgan chechenlarning dafn marosimlarini ularning qarindoshlari o‘z hisobidan o‘tkazgan.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, chechenistonlik deputat Adam Delimxanov atrofidagi odamlardan bo‘lgan Eskerxonov shartli ozod etilish bo‘yicha rad javobini olganidan keyin Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan. Vladimir Putin uni afv etgan va fevral oxirlarida sobiq politsiyachi urushga yo‘l olgan. Manbalarga ko‘ra, Eskerxonov hujum chizig‘ida jang qilmayapti. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Eskerxonov ozod etilishi bilan Checheniston rahbarining maslahatchisi va senator Sulaymon Geremevning ukasi Vaxe Geremevning yoniga «joylashtirilgan».
«Eskerxonov anchayin qulay va xavfsiz sharoitda xizmat qilmoqda. Frontda uning oldiga qarindoshlari kelyapti, uning o‘zi esa ta’tilda Chechenistonga borib kelmoqda», — deydi «Novaya gazeta. Yevropa» manbasi.
Jurnalistlar manbasining qayd etishicha, sud tomonidan Boris Nemsovning bevosita qotili sifatida tan olingan Zaur Dadayev ham xuddi shu kabi shartlarda qamoqdan ozod etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, rossiyalik muxolifatchi Boris Nemsov 2015 yilning 28 fevral kuniga o‘tar kechasi Moskva shahri markazida o‘ldirilgan edi. Zaur Dadayev, Anzor va Shodid Gubashevlar, Temirlan Eskerxonov hamda Hamzat Baxoyev ushbu qotillik sabab hibsga olingan. 2017 yilda sud Zaur Dadayevni siyosatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 20 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida qaror chiqargandi.