Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) bosh kotibi Antonio Guterrish Isroilning G‘azo sektoridagi maktabga uyushtirgan va 100 falastinlik o‘limiga sabab bo‘lgan hujumini qoraladi.
BMT bosh kotibi rasmiy vakili o‘rinbosari Farhan Haq kundalik matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob berdi.
«Bosh kotib (Guterrish) G‘azoda, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lishi davom etayotganini qoralaydi», dedi Haq Isroilning G‘azo shahridagi maktabga uyushtirgan hujumiga ishora qilib. Hodisa oqibatida 100 nafar falastinlik hayotdan ko‘z yumdi.
«Biz Isroilning G‘azo shahridagi Al-Bayan maktabiga yana bir halokatli hujumiga guvoh bo‘ldik», dedi Haq va qo‘shimcha qildi: «Maktab G‘azoda davom etayotgan dahshat, ko‘chirilish va azob-uqubat sharoitida yuzlab falastinlik oilalarga boshpana sifatida xizmat qilmoqda».
Haq Guterrish BMT Xavfsizlik kengashining 2735-rezolyutsiyasi qoidalari haligacha bajarilmaganidan «afsusda» ekanini aytdi.
Bayonotda, shuningdek, bosh kotib «xalqaro gumanitar huquqni, jumladan, hujumlarda kamsitish, mutanosiblik va ehtiyot choralarini qo‘llash zarurligini ta’kidlagani» qayd etilgan.
O‘t ochishni darhol to‘xtatishga chaqiriq
Bosh kotib Antoniu Guterrish AQSh, Misr va Qatar yetakchilarining G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan vositachilik sa’y-harakatlarini olqishladi, dedi matbuot kotibi o‘rinbosari Farhan Haq.
Haqning so‘zlariga ko‘ra, Guterrish «tomonlarni muzokaralarni davom ettirishga va o‘t ochishni to‘xtatish, garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishib olishga chaqirdi».
«Bosh kotib zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va barcha garovga olinganlarni so‘zsiz ozod qilishga qaratilgan chaqirig‘ini takrorlaydi. Shuningdek, u tinch aholini himoya qilish va G‘azoga to‘siqsiz, xavfsiz insonparvarlik yordami kirishini ta’minlash zarurligini ta’kidlaydi», — deya xulosa qildi Haq.