Rossiya armiyasi 2022 yil fevralida Ukrainaga qarshi boshlangan keng ko‘lamli urush boshidan beri maksimumga chiqqan jang maydonidagi yo‘qotishlar o‘rnini qoplashga ulgurmayapti. Bu haqda Bloomberg Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin uchta manbasiga tayanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirilganlar uchun to‘lovlar oshirilganiga qaramay, Rossiya viloyatlari chaqiruv kvotasining uchdan bir qismidan ortig‘ini baraja olmayapti.
Rossiya urush boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Ukraina sharqi va janubida yuz minglab askariga ega, biroq Ukraina Kurolli kuchlarining Kursk viloyatiga hujumini qaytarish va chegarada nazoratni qayta qo‘lga olishga qodir emasligi mudofaa rezervlarining yetishmasligini ko‘rsatib berdi.
Bloomberg’ning ikkita manbasiga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat Rossiya hukumatini yangi safarbarlik e’lon qilishga majburlashi mumkin. Amaldorlardan birining ma’lum qilishicha, Kreml buni jang maydonining old qismida urushayotgan harbiylarga dam berish maqsadida «rotatsiya» sifatida talqin qilishi mumkin. Boshqa bir manba safarbarlik to‘g‘risidagi buyruq 2024 yilning oxirlarida chiqib qolishini aytmoqda.
2022 yil sentabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada olti oydan ortiq davom etayotgan urush tufayli qisman safarbarlik (mobilizatsiya) e’lon qilgandi. O‘shanda armiyaga 300 ming kishi chaqirilgan. Oktabr oxirlarida prezident safarbarlik yakunlanganini ma’lum qildi, biroq tegishli qarorni imzolamadi. Shundan buyon hukumat Rossiyada yangi safarbarlik e’lon qilinmasligini aytib keladi. Putin oxirgi marotaba bu haqda 2024 yilning iyunida gapirgan edi. Ukraina Qurolli kuchlarining Kurskka hujumi fonida u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashni istovchi ko‘ngillilar ko‘payib ketganini ma’lum qildi.