1 oktyabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oshirilib, 1 million 155 ming so‘m etib belgilangani tufayli, safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lov badali ham o‘zgaradi.
Qonunga ko‘ra, ushbu badal miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 7 barobariga teng. Shu tufayli, 1 oktyabrdan bir oylik harbiy xizmat uchun to‘lov miqdori hozirgi 7 million 350 ming so‘mdan 8 million 85 ming so‘mga oshiriladi.
Hukumat qaroriga muvofiq, safarbarlik chaqiruv rezervi safiga olingan shaxslar tomonidan pul badali xizmatga olingandan keyin tomonlarning kelishuvi asosida, 1 yil mobaynida biryo‘la yoki bosqichma-bosqich (bo‘lib to‘lash orqali) amalga oshirilishi mumkin.
Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan shaxslar tomonidan to‘langan pul badali Mudofaa vazirligining «Safarbarlik chaqiruvi rezervi mablag‘lari» maxsus hisobraqamida jamlanadi.
Fuqarolar safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga 27 yoshga to‘lgunga qadar olinadi. Ular safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmatni o‘tash davrida oylik harbiy yig‘inlarni o‘tashga jalb etilishi, favqulodda vaziyatlar yoki O‘zbekistonga qarshi harbiy tajovuz ro‘y bergan taqdirda haqiqiy harbiy xizmatga chaqirilishi mumkin.