Ukrainaga qarshi boshlagan urushdan keyin joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tib, ehtiyot qismlar sotib olmoqchi bo‘lgan Rossiyaning eng yirik aviakompaniyalaridan biri «Aeroflot» firibgarlar qurboniga aylandi, deb xabar beradi «Aviatorshina».
Qayd etilishicha, 2022 yilning yozida bir-biri bilan tanish bo‘lgan moskvalik ikki tijoratchi — Dmitriy Shvetsov va Dmitriy Mashkin milliy aviatashuvchiga xorijdan ehtiyot qismlar yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Biznesmenlar 349 million rubl (3,8 million dollardan ortiq) miqdorida avans olgan, ammo belgilangan muddatda «Aeroflot»ga ehtiyot qismlar yetkazib berilmagan. Natijada kompaniya huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.
O‘sha yilning sentabrida Tergov qo‘mitasi bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan, ikkala tijoratchi ham qo‘lga olinib, tergov izolyatoriga joylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar Ximki shahar sudiga oradan bir yil o‘tib jo‘natilgan. 12 avgust kuni sudya «Aeroflot» bilan shartnoma imzolagan shaxslar uni bila turib bajarish niyatida emas, degan xulosaga kelgan. Shu bilan birga, ular oxirgi daqiqlarga qadar aviatashuvchi vakillari bilan uchrashuvlarga borib, kompaniyani aldab kelgan.
Natijada Shvetsov va Mashkinga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Biznesmenlar o‘z aybiga iqror bo‘lmagan.
Bu «Aeroflot»ning ehtiyot qismlar yetkazib berilishi bilan bog‘liq kamida ikkinchi marta chuv tushishi. Joriy yilning iyul oyida avitashuvchining «sho‘basi» hisoblanuvchi «Rossiya» aviakompaniyasi samolyotlar uchun shinalar yetkazib berish bo‘yicha buyurtmani bajarmagan Aquila Technics ustidan 15,5 million rubllik sudni yutib chiqqandi. Ushbu firma oldinroq UTair’ga dvigatellar sotishni ham va’da qilgan, biroq ular 176 million rubllik shartnomani buzgan. Shunday qilib, Aquila Technics imzolagan bitimlarning umumiy qiymati 2,3 million dollarni tashkil etgan.
Vladimir Putin tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilingach, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa qator davlatlar Rossiya samolyotlari uchun o‘z osmonlarini yopdi. Mahalliy aviakompaniyalar va ularning rahbarlari sanksiyalarga tushdi. 2022 yilning mart oyi boshlarida Boeing va Airbus kompaniyalari Rossiya aviatarmoqlariga ehtiyot qismlar yetkazib berish, texnik xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi. Shu sababdan Rossiya aviakompaniyalari muqobil ehtiyot qismlar manbalarini qidirishni boshlagan. «Rosaviatsiya» ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yili mamlakatda 700 ga yaqin aviatsiya hodisalari qayd etilgan bo‘lib, ularning yarmidan ko‘pi texnikalar, jumladan, dvigatellarning ishdan chiqishi bilan bog‘liq.