O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azo sektorida Isroil hujumlari tufayli 40 mingdan oshiq odam o‘ldirildi va bu eksklav aholining 1,8 foizini tashkil etadi.
Bu haqda Falastin statistika byurosi xabar qilmoqda. Byuroning ma’lumotlariga ko‘ra, qamal qilingan eksklavda o‘ldirilganlarning 24 foizi yoshlar bo‘lgan.
Mahalliy sog‘liqni saqlash organi xabariga ko‘ra, shanba kuni G‘azo sektoridagi at-Tabiin maktabiga Isroil armiyasining zarba berishi natijasida 100 dan ortiq tinch aholi vakillari o‘ldirilgan, o‘nlab odamlar yarador qilingan.
Ayni paytda G‘azo sektorida 3,5 mingdan ortiq bolalar oziq-ovqat yetishmasligi natijasida o‘lim xavfiga duch kelgan. Rasman 34 kishi ochlikdan o‘lgani qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo sektorida yarador bo‘lgan 90 mingdan ortiq odamlarning 70 foizi yosh bolalar va ayollardir, 10 mingdan ortiq inson bedarak yo‘qolgan hisoblanadi, ikki million kishi esa o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilib sarson qilingan.
G‘arbiy sohilda esa Isroil reydlari tufayli o‘ldirilgan falastinliklar soni 620 nafarga yetdi, ularning 75 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir.
Isroilning 10 oylik zulmidan so‘ng G‘azoning katta qismi vayronalarga aylangan. Oziq-ovqat, toza ichimlik suv, dori-darmon va yoqilg‘i yetkazishga Isroil tomonidan to‘siq qo‘yilgan.
May oyida BMT Xalqaro sudi Janubiy Afrika Respublikasining G‘azoda genotsid yuz berayotgani to‘g‘risidagi da’vo arizasi bo‘yicha vaqtinchalik choralar e’lon qilgan, Isroilga Rafahdagi harbiy operatsiyalarni zudlik bilan to‘xtatish, insonparvarlik yordamlari yetkazish uchun chegaralarni ochish talabini qo‘ygan edi. Isroil bu talablarni nazar-pisand qilgani yo‘q.
Isroildagi kelishmovchiliklar
Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant bosh vazir Binyamin Netanyahuning HAMAS ustidan to‘liq g‘alaba qozonish to‘g‘risidagi so‘zlarini “safsata” deb atagan.
Tarqatilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Gallant Isroil parlamenti — Knessetning mudofaa va tashqi siyosat qo‘mitasi a’zolari oldida chiqish qila turib, nega TsAHAL Livanda urush boshlamayotgani to‘g‘risidagi savoliga javob bergan. Gallant bu savolga sarkastik javob berib, “qahramon” siyosatchilar haqida so‘zlab bergan.
“Men to‘liq g‘alaba va boshqa safsatalarni laqillayotgan qahramonlarni eshitib turibman. Masala muhokamaga qo‘yilsa ular dadillashib qolishadi”, degan Gallant. Mudofaa vaziri harbiylarni “qo‘rqoqlikda” ayblayotgan bosh vazir hukumatning yopiq majlislarida ular kamera qarshisida turganidek dadil emasligiga shama qilgan.
“Livan bilan urush uchun shart-sharoitlar ayni paytda urush avvalidagiga nisbatan mutlaqo teskari”, – degan Gallant.
U shuningdek, Isroil siyosiy hokimiyati “garovda ushlab turilganlarni qaytarish uchun shart-sharoitlar hozirlashga majbur” ekanini aytib, aynan Isroil HAMAS bilan kelishuvga erishish uchun to‘siq qo‘yayotganini tan olgan.
HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Izzat ar-Rishk Yoav Gallantning so‘zlarini izohlagan.
HAMAS vakilining so‘zlariga ko‘ra, harakat ustidan to‘liq g‘alabaga erishish safsata ekani va kelishuvga erishishga Isroil to‘siq qo‘yayotgani HAMASning so‘zlarini isbotlashini aytgan.
Ar-Rishk Netanyahu butun dunyo va garovdagilarning oila a’zolarini aldayotgani, uni asirlarning hayoti qiziqtirmasligi, u kelishuvga erishishni istamasligini aytgan: “Uni tashvishlantirayotgan yagona narsa — urushni davom ettirish va yanada kengaytirish”, degan ar-Rishk.
“Dunyo agressiya va qirg‘inbarot urushni tugatishi uchun Netanyahu va uning hukumatiga bosim o‘tkazishi kerak”, — degan HAMAS vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, harakat AQSh prezidenti Jo Baydenning bayonoti hamda BMT Xavfsizlik Kengashining kelishuvga erishish bo‘yicha rezolyutsiyasiga ko‘nib, yumshoqlik va pozitiv kayfiyat namoyish etishgan, biroq alaloqibat Netayanhuning murosasizligiga duch kelishgan.
Eronning Isroilga zarbasi
Eron Isroilga 24 soat ichida zarba berishi mumkin, deb xabar bermoqda Amerikaning Fox News telekanali o‘z manbalariga tayanib.
«Eron va uning ittifoqchilarining zarbasi 24 soatdan kamroq vaqt ichida boshlanishi mumkin», deyiladi xabarda.
«Yaqin Sharqdagi ekspertlar hamma narsa muhim nuqta tomon ketayotganiga amin», deb qo‘shimcha qiladi Fox News.
Avvalroq AQSh, Qatar va Misr yetakchilari HAMAS va Isroilni 15 avgust kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga chaqirgan edi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning idorasi ham Isroil delegatsiyasi muzokaralarda ishtirok etishini ma’lum qildi. Bir kun avval HAMAS ularda ishtirok etishdan bosh tortayotganini e’lon qilgan edi.
Iyul oyi oxirida Tehronda HAMAS siyosiy byurosi raisi Ismoil Haniya va Bayrutda «Hizbulloh» yetakchisining katta maslahatchisi Fuad Shukr o‘ldirilganidan keyin Yaqin Sharqdagi vaziyat keskin yomonlashdi. Eron va «Hizbulloh» ularning o‘limi uchun Isroildan qasos olishga va’da berishdi.
Ukrainaning Rossiyaga hujumi
Ukraina hukumati ilk marta Qurolli kuchlarining Rossiyaning Kursk oblastiga qilgan hujumiga izoh berdi.
Ukraina armiyasi Rossiya hududining 1000 kvadrat kilometr hududini nazorat qilmoqda, degan Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy frontdagi mudofaa harakatlari va Kursk viloyatidagi operatsiya haqida ma’lumot bera turib.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy telegram-kanalida shtab-kvartira yig‘ilishidan video e’lon qilindi. Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni general Oleksandr Sirskiy «frontdagi mudofaa harakatlari va Kursk oblastidagi operatsiya haqida ma’lumot bergan».
Sirskiy uchrashuv chog‘ida Ukraina harbiylari Rossiyaning qancha hududini nazorat qilayotganini aytgan. «Ayni damda Rossiyaning 1000 kvadrat kilometrga yaqin hududi bizning nazoratimiz ostida», dedi Sirskiy.
Kursk oblasti rahbari Aleksey Smirnov 12 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi 28 ta aholi punktini nazorat qilayotganini aytdi.
Biroq Ukrainaning OSINT-DeepState loyihasi Ukraina qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi 44 ga yaqin aholi punktini nazorat ostiga olganini da’vo qilmoqda.
Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk viloyatida hujum uyushtirmoqda. Dastlabki kunlarda Ukraina armiyasi bir nechta aholi punktlarini egallab oldi, shundan so‘ng Ukraina Qurolli kuchlarining oldinga siljishi sekinlashdi.
Bu orada Ukraina Kursk oblastining Sudja shahri egallanganini ma’lum qildi. BRAVO Team maxsus kuchlar otryadi Ukraina Qurolli kuchlari Sudjani nazoratga olgani haqida ikkita video e’lon qildi.
«Sudja shahri Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostida, unda ishtirok etgan barcha brigadalar va batalionlarga shon-sharaflar bo‘lsin», deyiladi ulardan birining ostiga yozilgan izohda.
Ukraina va Rossiya Federatsiyasi rasmiylari bu bayonotlarga izoh bermadi.
Rus blogerlari daromaddan ayrildi
Google AdSense kontekstli reklamalar servisi Runetdagi ishini to‘liq yig‘ishtirib, Rossiyadagi foydalanuvchilarning qayd etish hisoblarini o‘chiradi. Tegishli bildirishnoma 12 avgust kuni rossiyalik noshirlar va blogerlarga jo‘natilgan, deb yozadi 3Dnews.
Shunday qilib, YouTubeʼda ishlovchi saytlar egalari va blogerlar Google AdSenseʼga ulanishdan va reklama tarmog‘i taqdim etayotgan xizmatlardan to‘liq mosuvo bo‘ladi.
2022 yil martida Google Rossiya hududida reklama ko‘rsatilishini o‘chirib qo‘ygan edi. Reklama xabarlari qidiruv tizimida ham, YouTube va sherik tarmoqlarda ham ko‘rinmasdi. Biroq noshirlar va YouTube blogerlar xorijdan turib qilingan tomosha uchun daromad olaverishar edi.
Rossiyada YouTube bloklana boshlagach, hamma VPNʼga ulanib tomosha qila boshladi va reklamalar qayta paydo bo‘lib, monetizatsiyadan daromadlar osha boshlagan edi.
YouTube bunga darhol javob bergan. Bu holda reklama beruvchilarning budjeti havoga sovuriladi. Chunki xorijiy reklamalarning Rossiyada ko‘rsatilishidan ma’ni yo‘q, boz ustiga, xorijiy reklamalarning Rossiyada ko‘rsatilishi ham g‘alati. Shu sababli AdSense akkauntlari shunchaki bloklab qo‘yildi.
Rossiyalik yirik blogerlar uchun buning ta’siri deyarli yo‘q. Rossiyalik reklama beruvchilar reklama uchun Rossiyada pul to‘lashadi va undan soliqlar Rossiyada qolaveradi. Bundan YouTube bir sent ham olmaydi.
Biroq AdSenseʼdagi daromadlardan kun ko‘radigan kichik kanallar endi kontent tayyorlashni umuman yig‘ishtirib qo‘yishlari mumkin.