Vodiyda majburiy mehnatga jalb qilingan o‘qituvchilar, Termizda ochilgan Islom instituti va televideniyedagi reklamalar yuzasidan ogohlantirish — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Majburiy mehnatga jalb qilingan o‘qituvchilar
Namangan va Andijon viloyatlarida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilindi.
Xususan, Namangan viloyati Pop tumanidagi 43-maktab direktori pedagoglarni ta’lim maskaniga chaqirib, muassasa hududini tozalashga, o‘t-o‘lan, beda va ajriqlarni yulishga majbur qilgan.
Boz ustiga, maktab direktori M.Marasulova o‘qituvchilarning vazifasidan tashqari ishlarni qilishni istamaganlardan 500 ming so‘mdan pul talab qilgan. Qolaversa, ularni o‘quvchilarning ota-onalaridan pul yig‘ishga ham majburlagani ta’kidlangan.
Direktorga nisbatan 17 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.
“Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, o‘qituvchilarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilish taqiqlanadi.
Lekin shunga qaramasdan Andijon viloyati Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida ayol pedagoglar og‘ir ishlarni bajargan, arava yetaklab, qurilish chiqindilarini tashigan. Jarayonda o‘qituvchilardan biri yiqilib, jarohat olgani va qo‘li singani ham aytilmoqda.
Tuman hokimligi matbuot xizmati bu noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yganlar topib jazolanadi, deyish o‘rniga o‘qituvchilarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan majburiy mehnatga jalb qilinganini “ijtimoiy foydali mehnat” deb atagan.
“Yangi o‘quv yiliga sanoqli kunlar qolgani va eng muhimi, pedagogik jamoaning, ota-onalarning ana shunday bunyodkorlik ishlaridan mamnuniyati doxil o‘laroq, xususan, maktab deraza va eshik romlarining yangi zamonaviy romlar bilan almashtirilishi, maktab tom qismining to‘liq yangilanishi bilan moddiy-texnik sharoitlar yanada yaxshilanmoqda.
Ana shu ishlar manzarasida har bir pedagog ertaga o‘z ish joyining saranjom-sarishta bo‘lishini, estetik bezatilishini, albatta, xohlaydi.
O‘z xohishlariga ko‘ra, maktab hayotiga, ikkinchi uyimizga, qadrdon maskanimizga o‘z hissamizni qo‘shaylik degan niyatda amalga oshirilayotgan faol ijtimoiy foydali mehnatni har qanday kishi faqat olqishlaydi”, — deyiladi hokimlik mirzasining izohida.
Naqadar shoirona gaplar! Lekin qonun-chi?!
Surxondaryoda Islom instituti ochildi
Termizda O‘zbekistondagi ikkinchi Islom instituti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, abituriyentlar qabul qilishni boshladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, ta’lim muassasasida o‘qish muddati 4 yil bo‘lib, bakalavr darajasidagi oliy diniy ma’lumotli – hadis ilmlari, diniy fanlar va arab tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Imom Termiziy nomidagi Islom institutiga 2024-2025 o‘quv yili uchun qabul ham ochilganini bildirdi. O‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 2024 yil 14 avgustdan 20 avgustga qadar davom etadi.
Abituriyentlar arab tili va O‘zbekiston tarixidan test sinovlari hamda hadis va mustalahul hadisdan ijodiy imtihon topshirishadi.
O‘qishni ko‘chirishga ruxsat ochildi
O‘qishni ko‘chirish testlarida qatnashishga 43 ming 882 nafar talabgorga ruxsat berildi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha eng ko‘p ariza respublikadagi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalaridan kelib tushgan — 33 ming 255 ta. Xorijiy OTMlarning respublikadagi filiallaridan esa 657 nafar talaba o‘qishini ko‘chirmoqchi ekanini bildirgan. Xorijiy davlatlarning OTMlaridan 9 ming 970 nafar talabgor o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza jo‘natgan.
Agentlik o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarining o‘tkazilish sanasi va talabgorlar uchun ruxsatnomalarni berish muddatlari haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilgan.
4 sentabr — Bilimlar kuni
Bu yil umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi 4 sentabr, chorshanba kuniga to‘g‘ri keladi, deb xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi.
Qayd qilinishicha, «2024 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili 4 sentabr (chorshanba) kunidan boshlanadi.
Televideniyedagi reklamalar yuzasidan ogohlantirish
Olimpiada translatsiyasi vaqtida televideniyedagi reklamalar hammaning asabiga tekkani bor gap. Shunga aloqasi bor-yo‘qligi noma’lum-u, lekin Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligi yuzasidan telekanallarga ko‘rsatma xati yubordi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, bunga oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari (xususan, telekanallar) orqali reklamalarni tarqatishda (joylashtirishda) qonunchilik talablarining buzilish holatlari sabab bo‘lgan.
Ko‘rsatmada telekanallardan bir oylik muddatda reklamaga oid o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib muvofiqlashtirishi va qayta ko‘rib chiqishi so‘ralgan.
«Ushbu ko‘rsatma xati talabalaridan kelib chiqib, qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida belgilangan tartibda sohaga oid monitoring tahlillari o‘tkazadi va o‘rganishlarda qonunbuzilishi aniqlangan taqdirda, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan sub’yektlarga nisbatan qat’iy ta’sirchan choralar, shu jumladan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanishini ma’lum qilamiz», – deyiladi xabarda.