Zaporijjya AESda yong‘in sodir bo‘ldi

Jahon 08:24 / 12.08.2024 4131

11 avgust, yakshanba kuni hamon Rossiya qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Zaporijjya atom elektr stansiyasining (ZAES) sovitish minorasida yong‘in sodir bo‘ldi. Zaporijjya viloyatining egallab olingan qismiga Kreml tomonidan tayinlangan «gubernator» Yevgeniy Balitskiy voqeada Kiyevni aybladi. «Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Energodar shahrini o‘qqa tutish natijasida ZAES sovitish tizimlari inshootida yong‘in sodir bo‘ldi», — deb yozdi u. Aniqlik kiritilishicha, AESning barcha 6 ta energobloklari hamon sovuq to‘xtash rejimida va «bug‘ning portlashi yoki boshqa oqibatlar xavfi yo‘q», shuningdek, Zaporijjya AES va Energodar shahri atrofidagi radiatsiyaviy fon normal darajada.

Ukrainaning «Energoatom» shirkati rasmiy kanali ham mintaqada radiatsiya ko‘rsatkichlari normal ekanligini tasdiqladi. «Biz Nikopoldan rossiyaliklar Zaporijjya atom elektr stansiyasi hududida yong‘in boshlaganini tasdiqlaymiz», — deyiladi kompaniya bayonotida. Ularning aniqlik kiritishicha, Rossiya «Zaporijjya atom elektr stansiyasi egallab olingan birinchi kundanoq undan Ukrainani, butun Yevropa va dunyoni shantaj qilish uchun foydalanmoqda» va Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikdan (AEXA) munosabat kutmoqda.

Nikopol tumani harbiy ma’muriyati boshlig‘i Yevgeniy Yevtushenkoning aytishicha, stansiyadagi yong‘in «provokatsiya yoki Dnipro o‘ng qirg‘og‘idagi aholi punktlarida vahima qo‘zg‘ashga urinish»dir. Unga ko‘ra, rossiyalik harbiylar atom elektr stansiyasining sovitish minoralaridan birida avtomobil shinalariga o‘t qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

AEXA voqeaning Rossiya versiyasiga tayandi

«AEXA ekspertlari kechqurun sodir bo‘lgan ko‘plab portlashlardan so‘ng Zaporijjya AES hududining shimoliy qismidan kuchli quyuq tutun chiqqaniga guvoh bo‘lishdi», - deyiladi Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlikning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida. Shuningdek, ular Zaporijjya atom elektr stansiyasidan saytdagi sovitish minoralaridan biriga dron hujumi sodir etilgani haqida «ma’lumot» olganiga aniqlik kiritdi.

BMT Bosh assambleyasi bir oy oldin Rossiya qo‘shinlarini Zaporijjya AESdan olib chiqishni talab qilgan

BMT Bosh assambleyasi Ukrainadagi atom inshootlari, jumladan, Zaporijjya atom elektr stansiyasining texnik va jismoniy xavfsizligi bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni 99 davlat qo‘llab-quvvatladi, 9 delegatsiya qarshi ovoz berdi, 60 tasi esa betaraf qoldi, deb xabar qilindi 11 iyul kuni Bosh assambleya saytida. 

Hujjatda Rossiya Federatsiyasiga Zaporijjya AESdan zudlik bilan harbiy xizmatchilarni va boshqa xodimlarni olib chiqib ketish, stansiyani zudlik bilan Ukrainaning to‘liq nazorati ostiga qaytarish talablari alohida o‘rin olgan. 

Rossiya, shuningdek, stansiya Ukraina to‘liq nazoratiga qaytarilgunga qadar AEXA bilan hamkorlik qilishga, shuningdek, Zaporijjya AES hududi perimetri bo‘ylab o‘rnatilgan barcha piyodalarga qarshi minalarni zudlik bilan olib tashlashga chaqirildi. Rossiya Federatsiyasining doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy rezolyutsiyani «zararli, o‘ta siyosiylashgan va yadroviy xavfsizlikka hech qanday aloqasi yo‘q» deb atadi. 

Zaporijjya AES 2022 yildan beri sovuq o‘chirish rejimida 

Zaporojjya AES Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. Rossiyaning Ukrainaga harbiy hujumi boshlanganidan so‘ng u rus qo‘shinlari tomonidan egallab olindi va u bir necha marta uchuvchisiz uchoqlardan hujumga duchor bo‘ldi hamda o‘qqa tutildi. Moskva va Kiyev bunda bir-birini ayblamoqda. AEXA Zaporijjya AESda «yadro xavfsizligining barcha ustunlari» yo‘q qilinayotganini bir necha bor ta’kidlagan. 

Rossiya qo‘liga o‘tgandan beri Zaporijjya atom elektr stansiyasi o‘z hududidan tashqaridagi elektr uzatish liniyalari shikastlangani uchun kamida sakkiz marta quvvatini yo‘qotdi. O‘chirish vaqtida yadro yoqilg‘isining reaktorlarda va sovitish havzalarida xavfsiz holatda saqlanishiga tahdid mavjud. Stansiya 2022 yil 11 sentabrdan beri elektr energiyasi ishlab chiqarmaydi. Oltita ZAES reaktorining hammasi sovuq o‘chirish rejimida.

Ko‘proq yangiliklar: