Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida shu hafta Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lishi, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” sammiti o‘tkazilishi kerak edi. Lekin kunchiqar yurtdagi sunami xavfi sabab u o‘z safarini keyinroqqa qoldirdi. Xo‘sh, Tokioning Markaziy Osiyoda faollashishga intilayotgani nimalar bilan bog‘liq?
Bundan 20 yil avval, 2004 yilning avgust oyida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formati tuzilgan edi. Ya’ni Yaponiya birinchilardan bo‘lib bu mintaqani bir kuch sifatida ko‘rib kelgan. Biroq oradan 20 yil o‘tsa-da, biror marta davlat rahbarlari darajasida sammit o‘tkazilmagandi.
Siyosatshunos Farhod Tolipovning fikricha, mintaqada Rossiya va Xitoy ochiqdan ochiq siyosiy tandemda faollashgandan faollashib, besh davlatni o‘ziga bog‘liq holda ushlab turishni maqsad qilgan bir vaqtda, Markaziy Osiyodagi balansni ushlash uchun Yaponiya tashabbusi bilan o‘tadigan bu sammit juda muhim.
Istiqbolli tadqiqotlar institutining Yaponiya bo‘yicha loyihalar direktori Mehriniso Abdurasulovaga ko‘ra, Yaponiya mintaqaga siyosiy g‘arazsiz yordam qo‘lini cho‘zadi. O‘tgan yili Yaponiya G7 sammitiga mezbon bo‘lganida, Xitoy Markaziy Osiyo rahbarlarini yig‘gandi. Shunda bosh vazir Kishidaning partiyasidagilar Markaziy Osiyo bilan Tokio aloqalarini qayta ko‘rish kerakligi haqida gapirgan. Bu voqealar ortidan Yaponiya bosh vaziri tashrifga hozirlik ko‘rgan edi.
Kishida safari xususida fikr bildirgan Rossiya TIV rasmiy vakili – Mariya Zaxarovaning chiqishi bu sammitga Moskva qanday qarayotganini aks ettiradi. Zaxarova Yaponiya va MOni iqtisodiy manfaatlar birlashtirmasligi, Yaponiya orqali g‘arb g‘oyalari mintaqaga singdirilishi, bu bilan AQSh Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy o‘rnini qirqishga urinayotganini da’vo qildi. Tolipovga ko‘ra, TF TIV vakilining bunday gaplari mintaqa davlatlari mustaqilligi va suverenitetiga qo‘pol hurmatsizlikdir. Shuningdek, Zaxarova Xitoy nomidan bemalol gapirishga jur’at etdi, bu ham ularning tandemini isbotlaydi, deydi siyosatshunos.
Mehriniso Abdurasulovaning fikricha, Yaponiya o‘zbekistonliklar uchun mehnat migratsiyasi eshiklarini ochayotgani quvonarli. Chunki bu yerda, Rossiyadan farqi ravishda, migrantlar huquqlari qonun himoyasida bo‘ladi, ular kamsitilmaydi, yagona osiyolik sifatida ko‘riladi, deydi yaponshunos.
Eslatib o‘tamiz, Fumio Kishidaning davlat tashrifi munosabati bilan 50 dan ortiq biznes doiralar vakillari ham Ostona, Toshkentga kelayotgan edi. Yapon hukumati rahbari Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘lib, keyin Mo‘g‘ulistonga yo‘l olishi belgilangandi. Tashrif va sammitning yangi sanasi diplomatik manbalar orqali kelishilishi ma’lum qilingan.
Shohrux Majidov suhbatlashdi.