Xitoyning unchalik katta bo‘lmagan hududiy banklari Rossiyadan to‘lovlar qabul qilishni rad etmoqda. Bu haqda “Izvestiya” nashri “Pervaya gruppa” AJ bosh direktori Aleksey Poroshinga asoslanib xabar bermoqda.
May-iyun oylaridayoq kredit tashkilotlari Rossiya biznesi bilan ishlashda davom etgan va “to‘lovlar esa u yoki bu darajada barqaror o‘tib turgan”, biroq 20 iyuldan boshlab hisob-kitoblar amalda to‘xtatilgan, degan Atvira importchi kompaniyasi bosh direktori Yekaterina Kizevich.
“Impaya Rus” kompaniyasining tijorat direktori Aleksey Razumovskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadan tranzaksiyalarni qabul qilishni Xitoyning 98 banklari rad etmoqda.
Bu Rossiyaga tovar yetkazib berish bilan bog‘liq muammolar vujudga kelishiga va narxlarning oshishiga sabab bo‘lishi mumkin, degan Razumovskiy.
Birinchi navbatda ichki bozorga mo‘ljallangan Xitoyning hududiy banklari bir necha oylar davomida Rossiya kompaniyalari uchun “zaxira aerodromi” bo‘lib xizmat qilib ketayotgan edi, degan Anderida Financial Group asoschisi Aleksey Tarapovskiy. Endi uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya biznesi hisob-kitoblarni uchinchi davlatlar orqali o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda.
So‘nggi uch hafta ichida uchinchi davlatlar orqali tranzaksiyalar o‘tkazayotgan to‘lov agentlarining talabnomalari soni bir necha barobarga oshib ketgan, deya tasdiqlagan Poroshin. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kompaniyalari Xitoyga to‘lovlarni Hongkong banklari orqali jo‘natmoqda, lekin Xitoyning ayrim kredit tashkilotlari ular bilan ishlashni ham rad etmoqda. Shuningdek, mablag‘larni Xitoydagi Rossiya banklari filiallari orqali o‘tkazish imkoniyati ham bor, biroq ular mijozlarga yuanlarni Markaziy bank kursida, yana 5 foizlik ustama bilan sotishmoqda, deydi Kizevich. Bundan tashqari, ko‘plab Xitoy kompaniyalari Rossiya moliya tashkilotlari filiallaridan pul qabul qilmay qo‘ygan, deya qayd etgan Razumovskiy.