Xitoy hukumati Hongkong bayrog‘i ostidagi «New New Polar Bear» yuk kemasi Boltiq dengizidagi Balticconnector gaz quvuriga tasodifan zarar yetkazganini tan oldi. Bu haqda xitoyliklar Finlandiya va Estoniya rasmiylariga xabar bergan, deb yozdi South China Morning Post (SCMP) o‘z manbalariga tayanib.
Qayd etilishicha, Xitoy yaqinda o‘z tekshiruvini o‘tkazgan va natijalarini Yevropa davlatlari hukumatlariga ma’lum qilgan. Xitoy rasmiylarining ta’kidlashicha, kema 2023 yil oktyabr oyida kuchli bo‘ron tufayli gaz quvuriga zarar yetkazgan. Jumladan, kema langarini dengiz tubi bo‘ylab sudrab, gaz quvurini shikastlagan. Avvalroq, Finlandiya politsiyasi shikastlangan gaz quvuri o‘rnida ikki metrli langar topilgani haqida xabar bergan edi.
Finlandiya va Estoniya rasmiylari voqea yuzasidan tergovni davom ettirayotganini va Xitoyga huquqiy yordam so‘rovini yuborganini bildirgan. SCMP xabariga ko‘ra, yevropaliklar Xitoy rasmiylari bayonotidan tergov ishida dalil sifatida foydalanmoqchi emas. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi nashrning izoh so‘roviga javob bermagan.
Finlandiya va Estoniyani bog‘laydigan Balticconnector dengiz osti quvurida 2023 yil 8 oktyabrga o‘tar kechasi gaz sizib chiqib, quvur ishi to‘xtab qolgan edi. Boltiq dengizi tubi bo‘ylab Shvetsiya va Estoniya o‘rtasidagi telekommunikatsiya kabeli ham shikastlangan. Rasmiylar quvur va kabel qasddan shikastlangan deb taxmin qilishdi. Tergovchilarning aniqlashicha, hodisa yuz bergan vaqtda ushbu hududdan «New New Polar Bear» kemasidan tashqari Rossiyaning «Sevmorput» atom konteyner kemasi ham suzib o‘tgan.