Moskva viloyati Stupino shahar sudi «Vatandosh» o‘zbek jamiyatining Rossiyadagi mintaqalaro bo‘limi rahbari Usmon Baratovni nafrat va dushmanlik uyg‘otish moddasi bo‘yicha aybdor deb topdi.
Sud hukmi bilan Usmon Baratovga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va u jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
Baratovning o‘zi hukmni «Rossiya Femidasi uchun isnod», deb atagan. «Bu sud alohida sud hukumati emasligini, balki hukumatning ijro xizmatchisi ekanini ko‘rsatib berdi. Sud hokimiyatning alohida bo‘lagi emas, u xizmatkor», — deya sudlanuvchining so‘zlarini keltiradi RusNews.
2024 yil yanvarda Baratovga qarshi jinoiy ish ochilishiga uning «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga qo‘ygan posti sabab bo‘lgandi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Rossiya Dumasi spikeri Vyacheslav Volodinning tuxum haqida iqtiboslari keltirilgan o‘sha postga «xo‘rozni frontdan qaytarish» to‘g‘risida mem ilova qilingan edi.
Putin o‘tgan yil yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan «Pryamaya liniya» onlayn muloqotida tuxum taqchilligi haqida hazilomuz fikr bildirgandi. Keyinroq shunga o‘xshash gapni Volodin ham takrorladi. Baratov bu gaplarga ilova qilgan memda pati to‘kilgan tovuq «Sizga tuxum emas, yog‘liqqina bir balo bo‘lsin! Xo‘rozlarni frontdan qaytaring» deb turgani aks etgan.
2023-yi 17 dekabrda yozilgan bu post urush targ‘ibotchilari bo‘lgan rossiyalik blogerlar g‘azabiga sabab bo‘lib, uni urushda qatnashayotgan rossiyalik harbiylarni kamsitish deb qabul qilishgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin Baratovga nisbatan «maxsus harbiy amaliyot» (MHA) ishtirokchilarini haqorat qilish ayblovi bo‘yicha ish ochishga topshiriq bergan. Baratovning o‘zi «MHA ishtirokchilarini haqorat qilishga umuman aloqasi bo‘lmagan ushbu satirik suratni» yordamchisi bir oy davomida olib tashlamaganidan afsusda ekanini bildirgan.
Ayni vaqtda 66 yoshda bo‘lgan Usmon Baratov Rossiya fuqarosi bo‘lib, Moskva oblastida yashaydi. Bolaligida Farg‘onadagi rus maktabda o‘qigan. Afg‘on urushi faxriysi, Rossiya Davlat dumasi yettinchi chaqirig‘i saylovlarida ishtirok etgan.