Putin hukmronligi «Kursk» bilan boshlangan edi, Kursk bilan tugaydi – Zelenskiy

Jahon 23:08 / 12.08.2024 12843

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy an’anaviy kechki videomurojaatida Qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi amaliyoti haqida gapirdi. Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukmronligining «boshlanishi va yakunlanishi»ni 24 yil oldin yuz bergan «Kursk» atom suvosti kemasi halokati va hozir yuz berayotgan Kursk viloyatidagi harbiy harakatlar bilan bog‘ladi.

«Biz haqiqatan ham Rossiya Putin davrida qanday harakat qilayotganini ko‘ryapmiz: 24 yil oldin «Kursk» falokati yuz berdi — bu uning hukmronligining ramziy boshlanishi edi. Endi uning uchun final nima ekani aniq. Bu ham Kursk. U boshlagan urushning falokati. Bu holat odamlarni va har qanday qoidalarni mensimaydiganlar bilan doim sodir bo‘ladi. Rossiya boshqalarga urush olib keldi, endi urush uning uyiga qaytadi. Ukraina har doim faqat tinchlikni xohlaydi va biz tinchlikni albatta ta’minlaymiz», dedi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, 12 avgust kuni Ukraina Oliy bosh qo‘mondonligi shtab-kvartirasining yig‘ilishida Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning hisobotini, jumladan, Kursk oblastidagi operatsiya bo‘yicha hisobotini eshitganini aytdi.

Generalga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari u yerda Rossiya hududining ming kvadrat kilometrga yaqinini nazorat qilmoqda.

«Bular, xususan, Rossiya armiyasi bizning Sumi viloyatimizga hujum qilgan hududlardir. Bugungacha, 1 iyundan beri ular Sumi viloyati hududiga deyarli 2100 marta zarba berdi. Shuning uchun operatsiyalarimiz Ukraina uchun xavfsizlik masalasi – chegara hududini rus harbiylaridan ozod qilish. Men barcha askarlarimiz, serjantlar va ofitserlarimizga jasorat va harakatlar samaradorligi uchun minnatdorlik bildiraman», dedi Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon Kursk oblastida hujum uyushtirmoqda. Dastlabki kunlarda Ukraina armiyasi bir nechta aholi punktlarini egallab oldi, shundan so‘ng Ukraina Qurolli kuchlarining oldinga siljishi sekinlashdi.

Kursk oblasti rahbari Aleksey Smirnov 12 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastidagi 28 ta aholi punktini nazorat qilayotganini aytdi. Shu bilan birga, Ukrainaning OSINT-DeepState loyihasi Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastidagi 44 ga yaqin aholi punktini nazorat ostiga olganini da’vo qilmoqda.

«Kursk» atom suvosti kemasi Vladimir Putinning birinchi prezidentlik muddati boshlanishida, 2000 yil 12 avgustda Barens dengizida halokatga uchragandi. Oqibatda bortdagi barcha 118 dengizchi halok bo‘ladi. Bu o‘lganlar soni bo‘yicha sobiq Sovet va Rossiya suv osti flotining urushdan keyingi tarixidagi eng katta fojia edi.

Ko‘proq yangiliklar: