Olimpiada chempioni O‘zbekiston safidagi ishtirok uchun Ramzan Qodirovga minnatdorchilik bildirdi

Sport 16:20 / 12.08.2024 12284

«Ushbu g‘alabam uchun Alhamdulillah!

Bugun Olimpiya o‘yinlari oltin medalini g‘urur bilan qo‘limga tutib, eng avvalo bu qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘ta olganim uchun Allohga shukronalik keltiraman. Nimaga erishgan bo‘lsam, barchasiga Uning izni bilan erishdim.

Shuningdek, menga bor bilimi, tajribasi va chin yurakdan borini bergan murabbiylarimga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Aynan sizning donoligingiz, sabr-toqatingiz va menga bo‘lgan ishonchingiz ushbu g‘alaba yo‘lidagi barcha to‘siqlarni yengib o‘tishimga yordam berdi. 

O‘zbekiston milliy jamoasi safida Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish imkoniyatini yaratib bergan Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Axmatovichga ham alohida minnatdorchiligimni bildiraman. 

Va, albatta, barcha muxlislarga katta rahmat! Sizning ishonchingiz va yordamingizni har qadamda his qildim. Siz har qanday vaziyatda nima bo‘lishidan qat’i nazar ishonch bilan olg‘a yurishim uchun kuch berdingiz.

Bu medal – birgalikdagi mehnat va ishonchning samarasidir. Yaratgan bizni yangi yutuq va muvaffaqiyatlarga erishtirsin. Omin!», - deya yozadi Razambek Jamalov instagramidagi sahifasida O‘zbekiston, Dog‘iston va Checheniston so‘zlarini teg qilib.

Avvalroq, Habib Nurmagomedov o‘z yurtdoshini Olimpiada g‘olibligi bilan tabriklagandi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston sharafini himoya qilgan dog‘istonlik kurashchi Olimpiya o‘yinlari erkin kurash bahslarida -74 kg vazn finalida yaponiyalik Daichi Takatanini mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqdi. Chechen millatiga mansub kurashchi avvalgi bosqichlarda Olimpiada finalchisi Magomedhabib Nurmagomedov (neytral), 4 karra Yevropa chempioni Taymuraz Salkazanov (Slovakiya), Albaniya vakili Chermen Valiyev va tojikistonlik Valentin Rassadindan ustun kelgandi.

Ko‘proq yangiliklar: