NOZ: Germaniyada qochqinlarga har kuni deyarli uchta hujum sodir etilgan

Jahon 12:54 / 12.08.2024 1300

2024 yilning birinchi yarmida Germaniyada har kuni qochqinlarga o‘rtacha uchta hujum sodir bo‘ldi. Bu haqda 11 avgust, yakshanba kuni Neue Osnabrücker Zeitung gazetasi xabar berdi. U Bundestagdagi so‘l partiya fraksiyasi so‘roviga federal hukumat tomonidan berilgan javobga tayangan.

Joriy yilning dastlabki olti oyida politsiya Germaniya bo‘ylab qochqinlarga qarshi 519 ta hujumni qayd etgan. Huquqbuzarliklar, xususan, nafrat uyg‘otish, qonunga xilof ravishda majburlash va badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq.

Hujum qilganlar asosan o‘ng qarashlarga ega bo‘lgan

Tergovchilarga ko‘ra, 88 foiz hollarda hujumchilar o‘ng qarashlarga ega bo‘lgan. Bundan tashqari, qochqinlar boshpanalariga 69 ta hujum uyushtirilgan, deya aniqlik kiritdi KNA agentligi.

Hammasi bo‘lib, 2023 yil oxirida 2450 ta hujum qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati Germaniya sharqidagi Saksoniya va Tyuringiyada sodir bo‘lgan.

Bundestagning So‘l partiyadan deputati Klara Byunger ro‘y berayotgan voqealarni, xususan, mahalliy siyosatchilarning bayonotlari bilan izohladi. «Siyosatchilar tomonidan qo‘llanadigan irqchilik shiorlari va irqchilik harakati hamda ko‘chalardagi hujumlar o‘rtasida yaqin aloqa borligi uzoq vaqtdan beri ma’lum», dedi u. 

Tyuringiyada saylovchilarning 30 foizi o‘ng populistlar tarafdori

Tyuringiya va Saksoniya federal yerlarida 1 sentabrda yangi mahalliy parlamentlari saylanadi. 

ZDF Politbarometer so‘roviga ko‘ra, Tyuringiyada saylovchilarning 30 foizi «Germaniya uchun muqobil» (GuM) populist partiyasi uchun ovoz berishga tayyor. Undan keyingi o‘rinlarda 21 foiz ovoz bilan Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va 19 foiz ovoz bilan «Sara Vagenknext ittifoqi» bormoqda. So‘l partiya 15 foiz, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) esa bor-yo‘g‘i yetti foiz ovozga ega. 

So‘rov natijalariga ko‘ra, XDI Saksoniyada 34 foiz bilan yetakchilik qilmoqda, GuM esa atigi to‘rt foiz orqada. «Sara Vagenknext ittifoqi»ga 11 foiz, «yashillar» va GSDPga olti foizdan ishonch bildirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: