Litva hukumati 2025 yildan boshlab davlat muassasalariga Xitoy va milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otadigan boshqa davlatlarning elektronikasidan foydalanishni taqiqlaydi. Cheklovlar kompyuterlar, smartfonlar, foto va videokameralar, shuningdek, dronlarga ham taalluqli, deb yozadi LRT. Taqiq joriy etilgach, huquq-tartibot organlari shu turdagi har qanday texnikani musodara qilishi kerak bo‘ladi.
Mamlakat ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, idoraning o‘zi va unga bo‘ysunuvchi politsiya, yong‘in-qutqaruv va chegara xizmatlari allaqachon Xitoyda ishlab chiqarilgan barcha turdagi texnikalardan deyarli voz kechib bo‘lgan. Faqatgina kuzatuv tizimlari muammo tug‘dirmoqda. IIV rahbarining o‘rinbosari Arnoldas Abramavichyusga ko‘ra, hozirda huquq-tartibot idoralari o‘z kameralarining uchdan ikki qismini almashtirgan. «Xitoyning eski videotexnikalaridan hamon turli obektlarni qo‘riqlashda foydalanilmoqda. Ammo politsiya departamenti ularni imkon qadar tezroq almashtirishga urinyapti», — deya qo‘shimcha qiladi u.
Vilnyus munitsipaliteti ma’muriyati direktori Adomas Bujinskasning ma’lum qilishicha, shahardagi kuzatuv kameralarining uchdan bir qismi Xitoyda ishlab chiqarilgan va yil oxiriga qadar ularning barchasini almashtirish imkonsiz. Bundan tashqari, mahalliy davlat muassasalarida 130 ta Xitoy kompyuteri turibdi, poytaxt jamoat transportini yangilash haqida gap ketsa, doim Xitoy avtobuslari taklif etiladi.
«Bozor bo‘yicha maslahatlashuvlar davomida transport xizmatlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan pudratchilar doimiy ravishda Xitoy mahsulotlarini ko‘rib chiqish kerakmi deya so‘raydi, chunki ular arzon va yetkazib berish tez», — deydi Bujinskas. Amaldor kelajakda bunday avtobuslarni kimdir o‘chirib qo‘yishini istamasligini va bu yerda qaror milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan qabul qilinishi kerakligini ta’kidlaydi.
Bu borada eng qiyin vaziyat uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlariga taalluqli — mazkur bozorda Xitoy ishlab chiqaruvchilari yetakchisi. Muqobil variantlar qimmat yoki ularniki kabi texnik imkoniyatlarga ega emas.
Hozircha harbiylar uchun istisno mavjud — ular oldingidek Xitoy dronlarini xarid qila oladi. Litva mudofaa vaziri Laurinas Kashyunasga ko‘ra, bunga parallel ravishda muqobil variantlar yaratilmoqda: qurolli kuchlarda bu kabi tadqiqotlarni o‘tkazish uchun keyingi yilning apreliga qadar vaqt bor.
Uchuvchisiz boshqariladigan uchish qurilmalarini ishlab chiqarish bo‘yicha Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaydigan Litva kompaniyalaridan biri Unmanned Defence Systems. Uning rahbari Vitenis Buzas o‘z mahsulotlari hukumatning yangi talablariga javob berishi, shuningdek, NATO standarlariga mos kelishini ma’lum qildi.