Ko‘chayotgan Xon Yunus aholisi, Zaporijjya AESdagi yong‘in va Turkiyada blokdan yechilgan Instagram - kun dayjesti

Jahon 13:13 / 12.08.2024 2515

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

O‘z zimmasiga G‘azoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarda vositachi rolini olgan AQSh, Misr va Qatarning chaqiriqlariga qaramasdan, Isroil armiyasi G‘azo bo‘lgasidagi maktablarga tizimli ravishda hujum uyushtirib kelmoqda.

Bu maktablarda o‘z turar joylaridan ayrilgan va majburiy tarzda ko‘chirilgan minglab falastinliklar jon saqlab kelmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azo sektoridagi 2 million inson eng kamida bir marta o‘zi yashab turgan uyni tashlab chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Hududdagi misli ko‘rilmagan vayronkorlik sharoitida shifoxonalar, maktablar va ularga birlashgan hududlar ko‘chirilgan falastinliklar uchun boshpana bo‘lib xizmat qilmoqda.

Isroil Xon Yunus shahrining g‘arbiy, sharqiy va markaziy qismini bo‘shatib berishni talab qildi.

Isroil armiyasining matbuot kotibiga ko‘ra, G‘azo sektoridagi 36-blok ham ortiq “humanitar zonaning bir qismi hisoblanmasligi”ni ta’kidlab, u ham “xatarli harbiy harakatlar zonasi deb e’lon qilingani”ga urg‘u bergan.

Isroilning zudtar evakuatsiya to‘g‘risidagi buyrug‘idan so‘ng Xon Yunus aholisi ommaviy tarzda yashab turgan joylarini tark eta boshlagan.

Sulh muzokaralari taqdiri

HAMAS harakati siyosiy byurosining avvalgi rahbari Ismoil Haniya o‘ldirilganidan so‘ng, uning o‘rniga saylangan Yahyo Sinvar Misr va Qatar vositachilari orqali Isroilga sulhni xohlayotgani haqidagi xabarni yetkazdi. Bu haqda CNN yozdi.

Telekanalning Isroildagi ikki manbasiga ko‘ra, bosh vazir Binyamin Netanyahu o‘zining hukmron koalitsiyasi uchun qanday oqibatlarga olib kelishidan qat’i nazar, kelishuvga tayyor. Ammo Isroil xavfsizlik xizmati vakillari koalitsiyadagi ba’zi o‘ta o‘ng vazirlarning qarshiliklarini hisobga olib, Netanyahu roziligiga shubha bilan qaramoqda.

Moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich kelishuvga qarshi chiqqanlardan biri bo‘lib, uni «taslim bo‘lish» deb atagan. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir ham e’tiroz bildirgan.

G‘azoga humanitar yordam va yoqilg‘i yetkazish to‘liq to‘xtatilishi kerak. Biz G‘azo aholisini bu joylarni batamom tark etishga majburlab, G‘azo sektorini uzil-kesil okkupatsiya qilishimiz kerak”, — degan Itamar Ben-Gvir.

CNN manbalaridan biri Netanyahu nima istayotganini «hech kim bilmasligini» aytdi. Shu bilan birga, AQSh rasmiylari Isroil rahbariyatiga mintaqaviy urushning oldini olish uchun o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishishni kutayotganini «aniq yetkazdi», dedi CNN manbasi.

Ukrainadagi vaziyat

Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududda joylashgan Zaporijjya atom elektr stansiyasida yong‘in kelib chiqdi. Ukraina uni Rossiya kuchlarining provokatsiyasi deb atamoqda, Rossiya esa Kiyevni o‘qqa tutganlikda ayblamoqda.

Volodimir Zelenskiy AESning bug‘ chiqaruvchi inshootlari qop-qora tutun iskanjasida qolgan videotasvirlarni e’lon qildi. Ukraina prezidentiga ko‘ra, AES hududida ataylab yong‘in keltirib chiqarishgan. Shunga qaramasdan, Zelenskiy radiatsiya darajasi me’yorida ekanini ta’kidlagan.

Nikopol rayon harbiy ma’muriyati rahbari Yevgeniy Yevtushenkoning aytishicha, AESdagi yong‘in “Dnipro daryosining o‘ng sohilida yashovchi aholi o‘rtasida sarosima keltirib chiqarishga qaratilgan provokatsiya”dir. Uning aytishicha, Rossiya harbiylari AES bug‘buronlari yonida shinalarni yoqqan bo‘lishlari mumkin.

Ukraina prezidenti Atom energetikasi xalqaro agentligini vaziyatga aralashishga chaqirib, faqatgina AES ustidan Ukraina nazorati mintaqadagi xavfsizlikni ta’minlashi mumkinligini yana bir bor ta’kidlab o‘tgan.

Zaporijjya oblastining Rossiya tomonidan bosib olingan qismining ruslar tomonidan tayinlangan rahbari Yevgeniy Balitskiy esa yong‘inda Ukrainani ayblagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AESning sovituvchi tizimlari obektidagi yong‘in Ukrainaning hujumi tufayli kelib chiqqan.

Kurskdagi vaziyat

Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblastidagi yorib o‘tishni kengaytirmoqda, ilg‘or otryadlar “juda ilgarilab” ketgani ma’lum qilinmoqda.

Ukraina armiyasi keng front bo‘ylab Rossiya hududida yurishini davom ettirmoqda.

Ukraina harbiylari yakshanbaga o‘tar kechasi Kursk oblastining Sudja rayoniga qo‘shni Belovskiy rayoniga kirishga ham urinib ko‘rishgan.

Belovskiy rayoniga ukrain otryadlari kirganini rayon ma’muriyati rahbari Volobuyev ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “chegara hududlaridagi vaziyatning ayrim holatlari tushunarsiz bo‘lib turibdi”.

Bundan tashqari, tunda Belgorod oblastining Krasnoyarujsk rayoni aholisi ham o‘z uylarini tark eta boshlagani xabar qilinmoqda.

Kursk oblastining Belovskiy rayoni bilan qo‘shni bo‘lgan Krasnoyarujsk rayonidan aholi ommaviy ko‘chib chiqa boshlaganini yakshanba kuni Belgorod oblasti gubernatori Gladkov ma’lum qilgan.

The Washington Post gazetasining yozishicha, Ukraina Rossiya yerlarini bosib olishda davom etishi ukrainalik askarlarning jangovar ruhini ko‘tarish uchun qilinmoqda, Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya kuchlarini chalg‘itish uchun qilayotgan harakatlari qisqa muddatli reydga emas, uzoq davom etadigan operatsiyaga ko‘proq o‘xshamoqda.

Kursk oblastiga bostirib kirish Ukraina hamon muvaffaqiyatli hujum operatsiyalari o‘tkazishi mumkinligini namoyish qilib berdi, degan avstriyalik harbiy tahlilchi Frans-Shtefan Gadi.

Buni Kiyevdagi g‘arb diplomatlaridan biri ham tasdiqlagan.

«Bu operatsiya — AQShdagi saylovlar oldidan mojaroni yana diqqat markaziga qaytarish uchun ideal vaziyat”, — degan diplomat.

AQShdagi bo‘lajak debatlar

Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp Pensilvaniya va Michigan shtatlarida saylovoldi debatlarining ikkita raundi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Shuningdek, u uchrashuvlar 4, 10 va 25 sentabr kunlariga belgilanganini tasdiqladi.

«Kamala Harris bilan birinchi bahs 4 sentabr kuni Pensilvaniya shtatining go‘zal Harrisburg shahrida Fox News telekanali tomonidan o‘tkaziladi. Ikkinchi debatga Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahridagi ABC News telekanali mezbonlik qiladi. Uchinchi debat Michigan shtatining Grand-Rapids shahridagi NBC telekanalida bo‘lib o‘tadi», deb yozdi Donald Tramp o‘ziga tegishli Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Bahs dastlab 10 sentabrga belgilangan edi. Keyinroq Donald Tramp Fox News bilan yana bir uchrashuv o‘tkazishga kelishib olganini aytdi. U 10 sentabr kungi bahs ahamiyati yo‘qolganini qayd etdi, chunki debat Jo Bayden bilan o‘tkazilishi kerak edi.

Keyinroq Donald Tramp debatlarni, jumladan, 10 sentabrda ham o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Kamala Harrisning kampaniyasi 4 sentabrdagi tadbirda ishtirok etish masalasini muhokama qilmayotganini aytdi.

Turkiyada Instagramʼga yashil chiroq

Turkiyada rasmiylar talablarini qondirishga va’da bergan Instagram ijtimoiy tarmog‘i ishiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi.

Ijtimoiy tarmoqning blokdan chiqarilishi haqida 10 avgust kuni transport va infratuzilma vaziri Abdulqodir O‘rolo‘g‘li ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Instagram hukumat talablarini qondirishga va foydalanuvchilarga nisbatan qo‘yiladigan senzura borasida birgalikda ishlashga va’da bergan.

«Biz boshidanoq ijtimoiy media platformalari respublika qonunlarini hurmat qilishini xohlagan edik», degan O‘rolo‘g‘li.

Dunyo bo‘ylab resurslar faoliyatini nazorat qiluvchi Netblocks loyihasi turk provayderlari tomonidan Instagram bosqichma-bosqich tiklanayotganini qayd etdi.

Turkiya 57 million Instagram foydalanuvchisiga ega va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Hindiston, AQSh, Braziliya va Indoneziyadan keyin dunyoda beshinchi o‘rinda turadi.

Turkiyada Instagram 2 avgust kuni bloklandi. Mahalliy OAV taxminiga ko‘ra, bu qarorga HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya o‘limiga bildirilgan ta’ziyalarning o‘chirilishi sabab bo‘lgan. Bir kun avval Turkiya prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi rahbari Faxriddin Altun Instagram platformasining bunday harakatlarini qoralab, ularni senzuraga urinish, deb atagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: