Germaniya harbiy-dengiz kuchlari kapitani va «Hamburg» Bundesver mintaqaviy qo‘mondonligi qo‘mondoni Mixael Giss Germaniya hukumati va aholisini tashqi tahdidni tan olishga va Rossiyaning ehtimoliy hujumi oldini olish uchun urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. «Askar sifatidagi ichki soatim o‘tib boryapti va tushunamanki, besh yildan keyin jamiyatimiz tashqi harbiy tahdidga bardosh bera oladigan darajada chidamli bo‘lishi kerak», — dedi u 11 avgust, yakshanba kuni Welt am Sonntag nashriga bergan intervyusida.
Gissning so‘zlariga ko‘ra, geografik joylashuvi tufayli Germaniya Rossiya Federatsiyasi bilan haqiqiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda, NATO qo‘shinlari sharqiy qanotga o‘tkaziladigan joyga aylanadi. «Bu siyosat, Bundesver, iqtisodiyot va jamiyat uchun katta umumiy vazifadir, u muhim infratuzilmaga taalluqlidir, ayniqsa, Germaniyadagi eng yirik port NATO ishini ta’minlash uchun foydalanilishi mumkin», - deydi harbiy.
Shu bilan birga, kapitan «harbiy jazavani qo‘zg‘atmaslikka» va faqat oqilona choralar ko‘rishga chaqirdi. «Biz tinchlikda yashayapmiz, bizda futbol bo‘yicha chempionat bor, bizda Olimpiya o‘yinlari bor, biz Mayorkaga ta’tilga boramiz, buning hammasi yaxshi va shunday bo‘lishi kerak, ammo biz Germaniya va Yevropaga tahdid haqida xabardor bo‘lishimiz kerak», - deb ta’kidladi Giss. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya bir necha yillardan beri NATOga qarshi gibrid urush bosqichi doirasida kiberhujumlar, dezinformatsiya va diversiyalarni amalga oshirib kelmoqda. Gissning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya harbiy qo‘mondonligi bundan xabardor va hujumga uchrashi mumkin bo‘lgan NATO mamlakatlariga qo‘shinlarni tezda o‘tkazish sxemasini o‘z ichiga olgan «Germaniya operativ rejasi»ni doimiy ravishda tuzatmoqda.
Pistorius: Bundesver 2029 yilgacha mudofaaga tayyor bo‘lishi kerak
Iyun oyida Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Bundestagda nutq so‘zlab, 2029 yilgacha Rossiya hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Bundesverni o‘zini himoya qilishga tayyorlash zarurligi haqida ogohlantirgan edi. «Mudofaamizni e’tiborsiz qoldirishga haqqimiz yo‘q. Putinning urush iqtisodiyoti navbatdagi mojaroga tayyorgarlik ko‘rish uchun ishlamoqda. 2029 yilga borib biz himoyalanishga tayyor bo‘lishimiz va eng yomonining oldini olish choralarini ko‘rishimiz kerak», - dedi Pistorius. Ushbu muammoni hal qilish uchun vazir uchta asosiy muammoni sanadi: «Texnika, shaxsiy tarkib va moliya».
Xususan, vazir mudofaa budjetini ko‘paytirish zarurligini ta’kidlab, umumiy chaqiruvga qisman qaytish tarzidagi harbiy xizmatga chaqiruv islohoti zarurligini ta’kidladi.
Germaniya mudofaasi bo‘yicha operatsion reja
2023 yil mart oyida Ukrainadagi urush fonida Germaniya «Germaniya operativ rejasi» (OPLAN DEU) - mamlakat xavfsizligiga tahdid ehtimoli bo‘yicha bir necha yuz sahifadan iborat strategik hujjatni ishlab chiqishni boshladi. Aslida, bu sovuq urush davridan beri Germaniyaning harbiy hujumlardan xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi keng qamrovli rejadir.
Iyul oyida ushbu rejaning bir qismi sifatida Rossiya NATOning sharqiy qanotiga Germaniya orqali hujum qilgan taqdirda, uch-olti oy ichida 800 minggacha ittifoq askari va 200 mingdan ortiq turli texnikani o‘tkazish kerakligi xabar qilingan edi.